Dastlabki reja amalga oshmagach, Rossiya armiyasi zaxiradan yana bir necha ming kishilik qo‘shinni harakatga keltiradi – va mart oyi o‘rtalarida Kiyev yo‘nalishida yana bir yurish qilishga harakat qilinadi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi BBC Ukraina xizmatiga rossiyaliklar nimani reja qilgani, ular qanday yo‘nalishlar bo‘yicha harakatlangani va yakunda Ukraina armiyasi bu hujumlarni qanday qaytargani hamda Kiyev atrofida Rossiyaning zarbdor guruhi qisman yo‘q qilingani haqidagi batafsil tahliliy sharhni taqdim etgan.

19 ta batalon taktik guruhlari

2022 yil fevralida Rossiya Belarusga qo‘shinlar olib kelib joylashtirilganini «qo‘shma mashg‘ulotlar» bilan izohlagandi.
Foto: GETTY IMAGES

Bosh shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 24 fevral tongida Chernobil orqali Kiyevga yurish Rossiya armiyasining to‘qqizta batalon taktik guruhlari orqali boshlangan. Yana 10 ta BTG Gomel oblastida, Belarus-Ukraina chegarasi yaqinida zaxirada qoldirilgan.

Rossiya armiyasida bitta batalon taktik guruhda 600-800 nafar jangchi, 10 yoki undan ko‘proq tank, 40 tagacha BMP (jangovar piyoda mashinasi) va boshqa turdagi transportlar bo‘ladi.

Ammo, ko‘plab harbiy sharhlovchilar baholariga ko‘ra, keng ko‘lamli bosqin avvalida Rossiya batalon taktik guruhlari kuchaytirilgan va ularning safida ming nafargacha jangchi bo‘lgan.

Ukraina bosh shtabi rossiyaliklarning Chernobil tomondan Dniproning o‘ng sohiliga qilingan yurishiga «Polesskiy» deb nom bergan.

RF armiyasi Dniproning so‘l sohilidan ham Kiyev tomon harakatlangan – Chernihivdan Brovariga (Kiyev atrofidagi yana bir shaharcha).

Kiyev oblastida to‘plangan kuchlar (jami 19 ta batalon takti guruhlari, ya’ni 20 mingga yaqin harbiy) va Gostomel desant amaliyotida ishtirok etgan kuchlar soniga qarab, Rossiya qo‘mondonligi aynan Polesskiy yo‘nalishiga katta umid bog‘laganini ko‘rish mumkin.

Tadqiqot: Rossiya Ukrainani 10 kunda bosib olishni rejalashtirgandi. Bu nega amalga oshmagan?