Ai-80 benzin narxi o‘zgarmaydi. Prezident soliq imtiyozini yil oxirigacha uzaytirdi
Ai-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘ini «nol» stavkada qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.
O‘zbekistonda Ai-80 benzin narxi yil oxiriga qadar oshirilmaydigan bo‘ldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati rahbari xabar bermoqda.
«Prezident qarori bilan joriy etilgan va 2022 yil 10 dekabrdan boshlab amal qilayotgan Ai-80 rusumli avtobenzin uchun aksiz solig‘ini «nol» stavkada qo‘llashning amal qilish muddati ertaga, 2023 yil 1 mart kuni yakuniga yetishi kerak edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bugun imzolangan qarorga muvofiq, iste’molchilarning neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish hamda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan Ai-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘ini «nol» stavkada qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi», deyiladi xabarda.
- Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyida gaz «zapravka»lar faoliyatiga cheklov qo‘yilish ortidan benzinga talab keskin oshib ketgandi. Shundan so‘ng 2022 yil 10 dekabrdan Ai-80 avtobenzini uchun aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanishi va birjada narxlar o‘sish darajasi cheklanishi belgilangandi. Natijada shoxobchalarda Ai-80 narxi bir litri uchun o‘rtacha 6800–7500 so‘mdan 5700–6000 so‘mgacha (o‘rtacha 1100 so‘mga) arzonlashgandi.
- 2023 yil 27 fevral kuni esa «O‘zbekneftegaz» Ai-80 benzinini import va realizatsiya qilishdagi aksiz solig‘i bo‘yicha vaqtinchalik nol stavka muddati 1 mart kuni tugashi, shu kundan e’tiboran chakana narx 6800-7000 so‘mga aylanishi haqida ma’lum qilgandi.
Mavzuga oid
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:35 / 16.12.2024
Birjaga chiqarilayotgan benzin hajmi to‘rt barobar oshirildi
09:35 / 10.12.2024
Birja savdolariga chiqarilayotgan kunlik avtobenzin hajmi ikki barobar oshiriladi
15:25 / 06.12.2024