“Hozir juda ham hayajondaman, taassurotlarimni qanday tasvirlab berishni ham bilmayman. Bizni qo‘llab turgan hammaga, prezidentga, odilona hukm chiqargan sudga rahmat aytmoqchiman. Kelgusida IT yo‘nalishidagi faoliyatimni davom ettiraman”, – dedi Sardor Rahmonqulov.
Uning onasi Saida Saydaliyeva ham jamoatchilik va prezident qo‘llab-quvvatlovidan minnatdor ekanini bildirdi.
“Juda ham hayajondaman, odil sudning bu qaroridan minnatdorman. O‘g‘lim unga prezident tomonidan berilgan bu imkoniyatni oqlaydi” deydi ona.

Eslatib o‘tamiz, 21 yoshli Sardor Rahmonqulov 3 yil oldin sinfdoshiga yuborgan diniy qo‘shiq (nashida) diniy qo‘mita xulosasiga ko‘ra, aqidaparastlik g‘oyasi bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan edi. Tergov vaqtida 7 oydan ko‘proq qamoqda o‘tirgan Rahmonqulovga 2023 yil 30 yanvar kuni sud hukmi o‘qilib, u 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Apellyatsiya instansiyasining ajrimiga muvofiq, Sardor Rahmonqulovga tayinlangan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi shartli hukmga o‘zgartirilib, 2 yil sinov muddati belgilandi va u sud zalida ozod qilindi.









