Jizzaxda ikki fuqaro tomonidan tayyorlangan hazilomuz video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Video qahramonlaridan biri yo‘l-patrul xizmati xodimi rolini o‘ynagan.
Jizzax viloyat IIB YHXB videoni ichki ishlar organlarini obro‘sizlantirish deb baholagan. Lekin vaynerlardan biri bu video orqali xodimlarning ustidan kulish niyati bo‘lmagani, shunchaki odamlarga yaxshi kayfiyat ulashmoqchi bo‘lganini ta’kidlagan.

“O‘zim vaynerman. Bu videoni besh kun oldin Rossiya kanallarining birida ko‘rib qolgandim va uni tarjima qilib chiqardim. Lekin bundan maqsad hech bir organ xodimining ustidan kulish emas, odamlarga sof kulgi ulashish maqsadida qilganman. Hamma videolarim shu maqsadda qilinadi”, – degan videoda YPX xodimi rolida ko‘rinish bergan yigit sud majlisida.
Jizzax viloyat IIB tomonidan videodagi fuqarolarga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha G‘allaorol tuman sudiga taqdim etilgan.

Sud tomonidan vaynerlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-, 209-1-moddalari bilan aybdor deb topilgan. YPX xodimi rolini o‘ynagan fuqaroga 15 sutka, haydovchi rolini ijro etganga esa 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Advokat Abdumalik Abdullayevning fikricha, vaynerlarning qilmishi to‘g‘ri malakalanmagan. Ularga asossiz ayblovlar qo‘yilgan. Advokat bularni shunday izohlaydi.


















