Ukrainaga bostirib kirilgach, Rossiya maxsus xizmatlari Moldovani to‘liq egallab olib, Dnestrbo‘yida ikkinchi frontni ochish haqida jiddiy o‘ylab qolishdi. To‘g‘ri, hozircha bu rejadan voz kechib turishga qaror qilingan.

Xalqaro jurnalistlar guruhi qo‘liga Moldovani siyosiy va iqtisodiy jihatdan bo‘ysundirish strategiyasi tushib qoldi — uni Belarusni «yutib yuborish» rejasini tayyorlagan boshqarma tuzib chiqqan. Moldova strategiyasi qaltisroq chiqib qolgan: Kreml bu davlat Ruminiya bilan yaqinlashishiga xalaqit qilib, unga imkon qadar rus tilini tiqishtirishga harakat qilgan.

«Dose» markazi jurnalistlari bu hujjatni o‘rganib chiqib, surishtiruvchi jurnalistlar Moldova bosh vaziri va boshqa siyosatchilar bilan uning mazmuni haqida suhbatlashishgan.

Rus ayig‘i

2023 yil 23 fevralida — Ukrainada urush boshlaganiga bir yil to‘lgan kuni Rossiya mudofaa vazirligi ikki marta Kiyev Dnestrbo‘yiga —Moldovaning Rossiya harbiy bazasi joylashgan kremlparast ayirmachi hududiga bostirib kirmoqchi ekani haqida xabar tarqatdi. Bu Moldova aholisini sarosimaga soldi, chunki bir yildirki ularga qo‘shni hududda urush bormoqda, mamlakat hududiga tasodifiy raketalar muntazam tushib turibdi. Moldova mudofaa vazirligi bu axborotni «psixologik xuruj» deb atadi.

«Tarqatilayotgan yolg‘on axborot Dnestr daryosining har ikki sohilida yashovchi aholi o‘rtasida vahima va sarosima uyg‘otishga qaratilgan», — deya bayonot berdi idora.

Ukrainada urush boshlangach, ko‘pchilikda Rossiya qo‘shinlari Moldovaga ham bostirib kiradimi, degan savol paydo bo‘ldi