Jahon | 16:03 / 04.04.2023
5109
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik jurnalistlar Evan Gershkovichni ozod qilishga chaqirdi

Ochiq maktubda rossiyalik jurnalistlar va jamoat arboblari amerikalik jurnalist Evan Gershkovichga qo‘yilgan ayblovning mazmun-mohiyati ishonchliligiga shubha bildirmoqda. 

Foto: TASS

4 aprel, seshanba kuni Rossiya mustaqil OAV jurnalistlari va jamoat arboblari Rossiyada hibsga olingan The Wall Street Journal gazetasining amerikalik jurnalisti Evan Gershkovichni ozod qilish chaqirig‘i bilan ochiq xatni e’lon qilishdi.

Ochiq xat mualliflari «FSB» tomonidan Gershkovichga qo‘yilgan josuslik ayblovlarini asossiz deb hisobladi va ularga ishonmayapti: «FSB» da’vo qilishicha, Gershkovich go‘yoki Qo‘shma Shtatlar ko‘rsatmasi bo‘yicha ish olib borgan va korxonalardan birining faoliyati haqida davlat siri ma’lumotlarini to‘plagan. Biroq, bu bayonot hech narsa bilan tasdiqlanmaydi - bizga davlat xavfsizligi bo‘yicha tergov bayonotini so‘zsiz qabul qilish taklif etilyapti».

Jurnalistlar yangi «josuslik» ishi holatlari ilgari davlatga xiyonatda ayblanib sudlangan jurnalist Ivan Safronovning ishi bilan o‘xshashligini ta’kidlamoqda. Ochiq xat mualliflariga ko‘ra, Safronov davlatga xiyonat qilgani uchun emas, balki jurnalistik faoliyati uchun sudlangan. Jurnalistlarga qarshi ochilgan ikki ish o‘rtasidagi bu o‘xshashlik Evan Gershkovichga qo‘yilgan ayblovlarning ishonchliligiga shubha uyg‘otadi. Xatda, shuningdek, «Rossiyada ishlashda davom etib, o‘zini xavf ostiga qo‘yayotgan» xorijiy muxbirlar qo‘llab-quvvatlanishi bildirilgan. 

Xatni imzolaganlar orasida Sergey Parxomenko, Aleksandr Plyushchev, Janna Nemsova, Mixail Zigar, Galina Timchenko, Tixon Dzyadko, Sergey Smirnov, Lyubov Sobol va boshqa mustaqil OAV rahbarlari va jurnalistlari, shuningdek, jamoat arboblari bor. 

AQSh fuqarosi Evan Gershkovich 30 mart kuni Yekaterinburgda qo‘lga olindi, so‘ngra Moskvadagi tergov izolyatoriga jo‘natildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u AQSh buyurtmasi bo‘yicha harbiy-sanoat majmuasi korxonalaridan biri haqida maxfiy ma’lumotlar to‘plagan. Ayblov tafsilotlari keltirilmagan. Bu amerikalik jurnalistning 1986 yildan beri Rossiyada birinchi hibsga olinishidir. 

Mavzuga oid