Olti metrga uchib ketgan arg‘imchoq

26 mart kuni Buxoro shahridagi “Somoniylar” nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘ida fojia yuz berdi. Hodisa “Tvister” attraksionida ro‘y bergan. Qayd etilishicha, attraksionning oq-qizil rangdagi arg‘imchog‘i o‘z o‘qi atrofidan chiqib, taxminan 6 metr uzoqlikka uchib tushgan.

Natijada er-xotin va ularning kichkina farzandi og‘ir jarohat olgan. Jumladan, go‘dakning boshi yorilgan, erkakning qo‘li singan, ayolda esa ichki gematoma qayd etilgan. Bundan tashqari, uchovlonning miyasi chayqalgan, turli darajadagi boshqa jarohatlar ham olishgan.

Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi “Somoniylar” madaniyat va istirohat bog‘idagi attraksionlar, shu jumladan, “Xalikov Shuhrat” Yakka tartibdagi tadbirkorga qarashli bo‘lgan “Tvister” attraksionining xavfsizlik holati 2022 yilning dekabr oyida o‘rganilganini ma’lum qildi.

Foto: Yuz.uz

O‘rganish davomida “Tvister” attraksioni statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagani, undan foydalanish uchun belgilangan tartibda ruxsatnoma olinmagani, xavfsiz foydalanish bo‘yicha javobgar shaxs tayinlanmagani aniqlangan va ishchi guruh tomonidan ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan hamda attraksiondan foydalanish taqiqlangan.

“Shunga qaramasdan attraksiondan o‘zboshimcha foydalanish davom etgan va javobgar shaxs tomonidan kundalik texnik nazorat amalga oshirilmagan. Oqibatda attraksion o‘rindiqlarini tutib turuvchi metall moslama ichki tomonidan yemirilib, korpusdan uzilib ketgan va bir oila (3 kishi) tan jarohati olgan”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Ma’lum bo‘lishicha, nosoz attraksion ikki nafar yakka tartibdagi tadbirkorga tegishli bo‘lib, ayni paytda holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tekshiruv olib borilmoqda. Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, tekshiruv natijasi jamoatchilikka ochiqlangani yo‘q.