O‘zi nima gap?
24 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda tojikistonlik chegarachilarning xizmatdoshlari tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklangani aks etgan video tarqaldi. Ushbu tasvirlar nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilari o‘rtasida ham muhokama mavzusiga aylandi.
Videoda xizmatga oldinroq kelgan askarlar armiyaga yangi chaqirilganlarni qanday do‘pposlagani tasvirlangan. “Ded”lar devor yoniga tizib qo‘yilgan yosh askarlarning boshi va orqasiga yog‘och bilan urishgan, navbati bilan yuzlariga qulochkashlab turishgan, ulardan birini yotqizib qo‘yib ayamasdan tepishgan.
Video nima uchun Tojikistonda rasmiylar harbiy xizmatdagi dedovshinani yo‘qotolmayotgani haqidagi savollarni o‘rtaga chiqargan. Internetda harbiy qismda bunday boshboshdoqliklarni keltirib chiqarganlarni topib, qattiq jazolashga chaqiriqlar ko‘paygan.
Internet foydalanuvchilariga ko‘ra, yangi chaqirilganlarga qo‘pol munosabatda bo‘lish harbiy xizmatga majburlarni armiyaga saralash bosqichidayoq boshlanadi, shuning uchun ham aksariyat ota-onalar farzandlarini armiyaga yuborishni istashmaydi.
G‘oyib bo‘lgan rasmiy bayonot
Tojikiston bosh prokuraturasi hodisa So‘g‘d viloyatida Konibodom shahrida joylashgan chegara qismlaridan birida sodir bo‘lgani, yangi kelganlarni “tarbiyalab” qo‘ymoqchi bo‘lgan besh nafar harbiy xizmatchi allaqachon qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
“Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlarining 0215-sonli harbiy qismi harbiy xizmatchilari serjant Jonibek Qosimzoda, askarlar Faxriddin Azimov, A’zam Kamolov, Mahmadnazar Nozimov va Hojiakbar Sayfulloyev ustav qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, xizmatdoshlari – kichik serjant Mehmonjon Misirov, askarlar Bekzod Choriyev, Zamir Karimzoda, Nekro‘z Amirov, Alisher Musoyevni kaltaklab, sog‘lig‘iga zarar yetkazgan”, deyiladi

















