Unda 2023/2024 o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test sinovlarini tashkil qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, 2023/2024 o‘quv yili uchun test sinovlari o‘tkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlab olingan hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan.

Test sinovlari o‘tkaziladigan 15 ta umumta’lim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman) tillardan 2 400 ta test topshirig‘i shakllantirilib, ekspertizadan o‘tkazilgan. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 8 956 nafar talabgordan 4 000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.

Ma’lumot uchun, koronavirus pandemiyasi sababli 2020-2022 yillarda, 3 yil ketma-ket test sinovlari ochiq joylarda, jumladan stadion va xiyobonlarda o‘tkazilgan edi.