UzAuto Motors muntazam ravishda narxlarni oshirishga urinib kelishi yangilik emas. Xususan, joriy yil mart oyidan boshlab “yangilangan” rutbasi bilan Malibu XL avtomobillarining sotuvi boshlandi.

Kompaniya rasmiy xabarida keltirilishicha, Malibu XL 3 xil komplektatsiyada (XL 1LT – 375 mln; XL 2LT –390 mln; XL LTZ – 419 mln so‘m) sotuvga chiqarilishi kerak edi. Amalda esa faqatgina eski Malibu-2'dan katta farq qilmaydigan 419 mln so‘mlik Malibu XL sotuvda paydo bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, Malibu XL o‘tgan yili Xitoyda o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 25 ming 750 dollardan sotuvga chiqarilgan.

Bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklar faqat Malibu'dagina kuzatilgan emas. Masalan, 2022 yilning 1 noyabridan shartnoma berish boshlangan Chevrolet Onix dastlab 126,5 mln so‘mdan 189,9 mln so‘mgacha (15 foizlik QQS bilan qo‘shib hisoblaganda) narxlarda taklif qilingandi.

Eng arzon komplektatsiya (126,5 mln so‘mlik) ro‘yxatda bo‘lsa-da, sotuvga chiqarilmadi. O‘shanda go‘yoki eng arzon komplektatsiyani olmoqchi bo‘lgan xaridorlar ariza berishi, agar yetarli taklif to‘plansa (yetarli deganda qancha ariza nazarda tutilayotgani noma’lum), keyin kompaniya bu pozitsiyani ishlab chiqarish yoki chiqarmaslikni o‘ylab ko‘rishini keltirib o‘tgandi. Lekin bu pozitsiyadagi avtomobil uchun qancha ariza kelib tushgani bo‘yicha hech qanday rasmiy ma’lumot berilmadi va unaqa arzon komplektatsiya sotuvga ham chiqarilmadi.

Ajablanarli jihati, sotuvlar boshlanganidan biroz muddat o‘tgach, Onix’ning 149 mln so‘mlik, 155 mln so‘mlik, 159 mln so‘mlik va 185 mln so‘mlik modellari ham sotuvdan olib tashlandi.

Alaloqibat, 9-12 ming dollar oralig‘ida sotuvga chiqarilishi va’da qilingan Chevrolet Onix bahosi 18 ming dollargacha shishirildi. Chunki fevral oyining oxiridan keyingi davrda kompaniya rasmiy dilerlik markazlaridan faqatgina Onix'ning 207 mln so‘mlik Premier 1 modeli va undan narxi baland komplektatsiyalari uchun shartnoma olish mumkin edi xolos.