O‘zbekiston | 11:52 / 30.05.2023
37280
4 daqiqa o‘qiladi

“Fuqarolar o‘z dini ta’limotlarini o‘rganish huquqiga ega” – Musulmonlar idorasi “tarqatish mumkin bo‘lgan” manbalarni e’lon qildi

Musulmonlar idorasi “juma tabrigi va oyat va hadislarni, o‘zbekistonlik ulamolar va imomlarning ma’ruzalarini ham tarqatish” mumkin emas, degan mazmunida tarqalayotgan ogohlantirishlarni asossiz va yolg‘on, deb atadi. Shuningdek, muftiyat mutolaa qilish hamda ulardagi ma’lumotlarni yaqinlariga ulashish mumkin bo‘lgan rasmiy veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar ro‘yxatini taqdim qildi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi bu mazmundagi xabarlarni “asossiz hamda vahima uyg‘otuvchi yolg‘on” ekanligini bildirib, aholini sarosimaga soluvchi shunday noto‘g‘ri xabarlar tarqatish javobgarlik keltirib chiqarishini ma’lum qildi.

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunga asosan, e’tiqod erkinligi kafolatlangan. Shunga ko‘ra, fuqarolar dinga e’tiqod qilish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni o‘tkazish hamda o‘z dinining ta’limotlarini o‘rganish haq-huquqiga egadir.

Shunga binoan mo‘min-musulmonlar uchun zarur bo‘lgan diniy masalalar rasmiy elektron manbalar orqali keng yoritib borilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytlari, masjid-madrasalar, iqtidorli imom-xatiblarning sayt va ijtimoiy tarmoq sahifalarini mutolaa qilish hamda ulardagi ma’lumotlarni yaqinlariga ulashish mumkin, jumladan, juma tabriklarini ham tarqatishga ruxsat etilgan. Bularga hech qanday ta’qib yo‘q”, — deyiladi idora bayonotida.

Musulmonlar idorasi bayonotiga “rasmiy va yetakchi” elektron manbalar ro‘yxati havola qilingan hamda o‘zbekistonliklar ushbu tarmoqlardagi barcha diniy-ma’rifiy ma’lumotlarni mutolaa qilishlari hamda yaqinlariga ulashishlari mumkinligi ta’kidlangan.

Shuningdek, idora va uning tizimidagi imom-domlalar tomonidan internetda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda muntazam targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida ruhiy tarbiya, odob-axloq, ilm-ma’rifat va inson ma’naviy yuksalishiga oid go‘zal suhbatlarni tarqatilayotgani ma’lum qilindi. Xususan, muftiyning ma’ruzalarini quyidagi havolalar orqali kuzatib borish mumkin:

Muftiyga diniy savol yo‘llash uchun Telegram messenjerida - https://t.me/muftiy_savol_javob_bot boti ishlamoqda. Masjid-madrasalar, haj-umra kabi ish faoliyatga oid murojaatlarni esa ushbu botga https://t.me/MuslimUzAdmin2Bot yo‘llash tavsiya qilingan.

Musulmonlar idorasi eslatma o‘rnida, buzg‘unchi oqimlar o‘z g‘oyalarini jalb etuvchi musiqiy ohang, fotosurat yoki ramzlar orqali zimdan tarqatishga urinayotgani, shu sababli ekstremistik g‘oyalarni har qanday shaklda tarqatish, saqlash va foydalanish qonunan taqiqlanishini ma’lum qildi.

Avvalroq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Oliy sud tomonidan ekstremizm va terrorizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan deb topilgan, O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, tarqatish va namoyish etish taqiqlangan materiallar ro‘yxatini ham e’lon qilgan edi. 2023 yil 17 may holatiga ko‘ra aktual hisoblangan ro‘yxatda — Facebook, Telegram, Instagram, YouTube, TikTok, Odnoklassniki va boshqa manbalardagi materiallar manzillari ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid