Bugun, 30 iyun kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Issiqko‘l yoqasida Osmon shahri qurilishiga tamal toshini qo‘ydi.
“Biz marvarid ko‘limiz – Issiqo‘l sohilida innovatsion shahar bunyod etib, uni iqtisodiy va turistik markazga aylantiramiz”, – dedi Japarov bugungi marosimda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Osmon shahri Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan habga aylanib, Qirg‘iziston iqtisodiyoti uchun lokomotiv vazifasini bajaradi.
“Osmon shahrining loyihasiga va qurilishni boshlashga davlat budjetidan bir tiyin ham sarflanmadi. Bu – bunday yirik loyihaning amalga oshirilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgan tashqi investorlar borligi bilan bog‘liq”, – dedi Japarov.

Avvalroq, Osmon shahrining shakli yuqoridan qaraganda qirg‘iz milliy musiqa asbobi – qomuzga o‘xshashi aytilgandi. Bu musiqiy asbobning surati 1 somlik banknotada ham aks ettirilgan. Shahar 4 ming gektar hududda joylashib, 500-700 ming aholiga mo‘ljallangan bo‘ladi. Loyihani amalga oshirishning taxminiy muddati – 7-10 yil.
Konsepsiyaga asosan, ekologik toza Osmon shahri mamlakatning iqtisodiy va turistik markaziga aylanib, u yerda ilg‘or ta’lim tashkilotlari, zamonaviy biznes-markazlar va moliya muassasalari faoliyat yuritadi. Shaharda ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar, bog‘lar, zamonaviy turistik va sport infratuzilmasi yaratiladi.
Shuningdek, dunyodagi eng yirik masjidlardan birini qurish, filmlar suratga olish uchun pavilonlar hududini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Osmon yuqori texnologik aqlli shahar bo‘lishi va’da qilinmoqda: u yerda muqobil energiya manbalaridan foydalaniladi, yuqori darajadagi energiya tejamkorlik ta’minlanadi, ekologik toza transport turlari joylashtiriladi va umuman, yashil iqtisodiyot tamoyillariga amal qilinadi.








