Toshkent shahri Buxoro ko‘chasidagi “Sharq” nashriyotiga qarashli bosmaxona fasadini bezab turgan “matbuotchi” mozaikasi buzilishi mumkin.
Bu haqda “Tashkent modernism” loyihasi muallifi Aleksandr Fyodorov Instagram'dagi sahifasida ma’lum qildi.
U bosmaxona rekonstruksiya qilinayotgani va bu yerda ustalar ishlayotganini ta’kidlab, yaqin tarixning milliy modernizm namunasi bo‘lgan bu mozaikaga shikast yetkazmasdan boshqa joyga ko‘chirishni taklif qildi.

Hozir bosmaxonaning ichki qismini buzish ishlari ketyapti, bino atrofida yuk mashinalari va ishchilarni ko‘rish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli bosmaxona 1921 yilda qurilgan. Bosmaxonada uzoq yillar faoliyat yuritgan ishchilardan birining Kun.uz'ga aytishicha, bosmaxona fasadidagi mozaika 1979 yil o‘rnatilgan.

“Vaqt o‘tib ohori to‘kilgan, lekin qurilgan paytida juda yorqin va chiroyli edi. Mozaikada ayol gazetalarni ushlab turgani aks etgan. O‘sha paytda mozaikada gazeta nomlari ham aniq ko‘rinardi, hozir o‘chib ketgan. 2010 yillardan keyin bosmaxona deyarli faoliyatini tugatgan, gazetalarni bosmadan chiqarish “Matbuot uyi”ga va boshqa joylarga ko‘chirildi”, – deydi u.
“Tashkent modernism” loyihasi muallifi Aleksandr Fyodorov davlat organlari, yirik biznes egalarini mozaikani boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishda tashabbus ko‘rsatishga chaqirdi.
“Menimcha, har qanday bank, har qanday yirik biznes uchun bu ajoyib imij yaratishga yordam beradi. Bu mozaika umuman shu binodan ko‘chirilib, shaharning qaysidir qismiga joylashtirib, pastiga kompaniya logotipini joylashtirish orqali o‘z imijingizni yaratasiz.
Modernistik merosning hech bo‘lmaganda bir qismini saqlab qolish uchun shunday zamonaviy yondashuv kerak”, – deydi u.
Loyiha muallifi mozaikani shaharning turli burchaklari – reklama bannerlari, parklar va bog‘lardagi joylashuviga oid taklif-namunalarni ham taqdim qildi.


















