Jahon | 14:45 / 18.07.2023
16975
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh: Su-35 Suriyada Amerika razvedka samolyotini tutib oldi

AQSh rasmiylari Rossiyaning Su-35 samolyoti AQSh josuslik samolyotiga juda yaqin masofada uchib kelganidan norozi. Ularning aytishicha, Amerika MS-12 turbulentlik izidan o‘tishga majbur bo‘ldi.

Su-35 / Foto: Shutterstock

Qo‘shma Shtatlar Suriyadagi Amerika razvedka samolyotining Rossiyaga qarashli Su-35 qiruvchisi tomonidan xavfli tutib olinishini tanqid qildi. Rossiyalik uchuvchining xatti-harakati Amerika samolyoti ekipaji to‘rt nafar a’zosi hayotini xavf ostiga qo‘ydi, deb xabar berdi AP 18 iyul, seshanba kuni o‘z ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan AQSh rasmiylariga tayanib. 

16 iyul kuni Rossiyaning Su-35 qiruvchi samolyoti Amerikaning MS-12 razvedka samolyotiga juda yaqin uchib o‘tib, uni turbulentlik izidan harakatlanishga majbur qildi, dedi rasmiylar. Manbalarning ta’kidlashicha, tutib olish Amerika ekipajining samolyotda xavfsiz parvoz qilishiga to‘sqinlik yaratgan. Ular voqeani «baxtsiz hodisa yoki o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan xavfli xatti-harakatlarning yangi darajasi» deb atagan. 

Rossiya qiruvchisi qanchalik yaqin uchib o‘tganiga rasmiylar aniqlik kiritmagan. Shu kuni Suriyadagi tomonlarni yarashtirish bo‘yicha Rossiya markazi rahbari o‘rinbosari Oleg Gurinov AQSh boshchiligidagi koalitsiya samolyotlari, jumladan, MS-12W Suriya havo hududini uch marta buzganini ma’lum qildi. 

AP ta’kidlashicha, Rossiya qiruvchi samolyotlari so‘nggi haftalarda Amerikaning MQ-9 Reapers dronlarini bir necha bor ta’qib qilgan, biroq so‘nggi voqea xavotir uyg‘otdi, chunki u amerikaliklarning hayotini xavf ostiga qo‘ydi. 

Pentagon yuqori martabali mulozimining agentlikka aytishicha, AQSh iyul oyi boshida amerikalik harbiylarining IShID yetakchisiga zarba berishga urinishlarini murakkablashtirgan Suriya osmonida Rossiya faolligi kuchayishiga qarshi turishning bir qancha variantlarini ko‘rib chiqmoqda. 

AP suhbatdoshi qo‘shimcha ma’lumot berishdan bosh tortdi, ammo Qo‘shma Shtatlar IShIDga qarshi kurash missiyalarida Suriya g‘arbiga uchishda davom etishini ta’kidladi. Agentlik Rossiyaning mart oyidan beri harbiy faolligi oshishini AQShni Suriyadan chiqib ketishga majbur qilish uchun Moskva, Tehron va Damashq o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishi bilan izohladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid