AQShning Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik muhojirlarning 15 yoshli o‘g‘li Faridun Mavlonov halok bo‘ldi. Yigitni 17 yoshli o‘smir otib o‘ldirgan.
Voqea 17 iyul, dushanba kuni tush vaqtida sodir bo‘lgan. Samarqandlik oilaning farzandi bo‘lgan Faridun Mavlonov yashash uyi yaqinida, 20 avenyuda otib o‘ldirilgan.

Hodisa haqida politsiyaga 911 raqamli orqali xabar berilgan va ular yetib borganda yigitni yaqin atrofdagi Maimonedes kasalxonasiga og‘ir ahvolda olib borishgan. Yigitning o‘limi 18 iyul, seshanba kuni qayd etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yoshli o‘smir Franklin Delano Ruzvelt oliy maktabi tashqarisida turgan yoshlarga qarata 7 marta o‘q uzgan. Tergov jarayonini boshqarayotgan detektiv Jyeyms Essigning so‘zlariga ko‘ra, qotil aynan Faridunni nishonga olib o‘q uzmagan. Holat ko‘chadagi nazorat kamerasiga ham tushgan va unda qotil ko‘chada odam ko‘p bo‘lgan vaqtda o‘q uzgani ko‘rinadi. U o‘q uzgan joyda esa yuk mashinasi ham to‘xtab turgan.
Firdavs Mavlonov 12 yil avval o‘z oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan. Ota hozirda sartaroshlik bilan shug‘ullanadi, marhum o‘g‘li ham bo‘sh vaqtida unga yordam berib turgan. Faridun dzyudo yakkakurashi bilan ham shug‘ullangan.

Yigitning dafn marosimi vaqtida ko‘plab OAV vakillari yetib borib, uning yaqinlari bilan gaplashishga harakat qilishdi. NYT yigitning otasi Firdavs Mavlonov bilan gaplashgan. Uning aytishicha, o‘g‘lini otib ketishgani haqida jiyani telefon qilib aytgan. Faridunni ikki marta operatsiya qilishgan, ammo qon ketishi to‘xtamagan. «O‘g‘limni hamma bilardi. Bolalarni o‘ldirishni bas qilish kerak, bu juda yomon. Iltimos, menga yordam bering», - degan 15 yoshli marhumning otasi NYT bilan suhbatda.




















