20 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bir nechta ko‘chalarda bo‘lib, infratuzilma loyihalari bilan tanishdi. Xususan, davlat rahbari “Paxtakor” metro bekati atrofidagi piyodalar va avtomobillar uchun sharoitlarni ko‘zdan kechira turib, mutasaddilarga Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish zarurligini aytdi.

“Kelgusida harakat yanada ko‘payishini inobatga olib, Botir Zokirov va Navoiy ko‘chalari kesishmasida yo‘l o‘tkazgich qurish, piyodalar yo‘laklarini qulaylashtirish kerakligini aytdi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

“Tirbandlik yo‘qolmaydi, shunchaki keyingi chorrahaga ko‘chadi”

Piyodalar uchun hanuz xavfli va noqulay bo‘lib turgan Toshkentda yana bir yo‘l o‘tkazgichning qurilishini ko‘plab jamoatchilik vakillari qo‘llab-quvvatlamayapti. Shaharsoz Iskandar Soliyevning Kun.uz muxbiriga aytishicha, bu loyihaning amalga oshishi turli oqibatlarga sabab bo‘ladi.

“Shaharshunoslar, ya’ni urbanistlar bu borada doim o‘zlarining qarshi fikrlarini ilgari surishadi va shahar ichida yo‘l o‘tkazgichlarni qurishni doim qoralashadi. Buning turli sabablari bor.

Shahar markazida, umuman shahar ichida bunday yo‘l o‘tkazgichlarini qurish, mantiqiy jihatidan ham, (bizning vaziyatda Navoiy ko‘chasida qurilishi aytilayotgan yo‘l o‘tkazgichi eng mantiqsizlaridan), iqtisodiy jihatdan ham, ekologik jihatdan ham va odamiylik tomonidan ham noto‘g‘ri qaror deb bilaman”, – deydi urbanist.

Iskandar Soliyev

Soliyevning fikricha, bu yo‘l o‘tkazgichning qurilishi hudud iqtisodiyoti va ijtimoiy hayotida salbiy o‘zgarishlarga olib keladi:

1. Bu hududda rivojlangan tijorat joylari unumdorligi so‘nadi.

2. Qurilish hudud atrofidagi tarixiy binolarning ko‘rinishini buzadi. Asosiysi, yo‘l o‘tkazgich katta hududni egallaydi, agar joydan kelib chiqsak, bu joyda aynan burchakdagi tarixiy binolar yo‘qolib ketishi ehtimoli ham bor.

3. Yashil zona, daraxtlar ham zarar ko‘rishi tabiiy.

4. Piyodalar harakatini yanada qiyinlashtiradi, o‘tkazma atrofi piyodalar uchun uzun yo‘ldan o‘tish kvestiga aylanadi.