O‘tgan davr mobaynida istiqbolli deya e’lon qilingan bir qancha loyihalarni amalga oshirish oxirigacha yetkazilmadi. Noma’lum sabablarga ko‘ra, Nike, Adidas, Hyundai, Burger King, Inditex kabi dunyo brendlari O‘zbekiston bozoriga kirib kelmadi.

UzAuto Motors 2023 yilda avtomobil ishlab chiqarishni keskin oshirib, 500 mingtaga yetkazmoqchi edi. Lekin kompaniyaning bu bayonoti ham amalga oshmasligi aniq bo‘lib ulgurdi.

Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda yilning birinchi yarmida yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi o‘smagan. 6 oy davomida 161 975 dona avtomobil ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 7741 taga ko‘p xolos.

Kun.uz shu sabab bilan oxirgi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilishi e’lon qilingan, lekin oxir-oqibat amalga oshmagan yoki amalga oshishi noma’lum bosqichda turgan iqtisodiy loyihalarga e’tibor qaratdi.

“O‘zbekiston” va “Chorsu” mehmonxonalarining xususiylashtirilishi

Bundan 3 yil avval Toshkentning qoq markazida joylashgan “O‘zbekiston” mehmonxonasining 80,1 foiz ulushi Singapurning “Bashan investment group pte ltd” kompaniyasiga 23,2 mln dollarga sotilgani ma’lum qilingandi.

Shartnoma shartlarida, Singapur kompaniyasining “O‘zbekiston” mehmonxonasiga 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritishi va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etishi ham ko‘zda tutilgandi.

Foto: Benjamin Goetzinger

Oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, investitsiya majburiyatlari ham, ta’mirlash ishlari ham amalga oshirilmadi.