10:11 / 10.08.2023
7018

Yunusobod hokimligi liftda ikki kishi qamalib qolishi voqeasi bo‘yicha tushuntirish berdi     

15 kun oldin o‘rnatilgan mazkur lift hali sinov muddatini o‘tayotgani sababli xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasiga topshirilmagan bo‘lgan.

Foto: Yunusobod tumani hokimligi

Yunusobod tumani hokimligi huquqni muhofaza qilish organlari mas’ullari bilan birgalikda tumandagi 5-markaz 74-uyda ikki kishi liftda qamalib qolgani bilan bog‘liq holatni o‘rgandi.

O‘rganish davomida 7 avgust kuni soat 17:14 da tumandagi 5-markaz, 74-uy lifti ichida ikki kishi borligida ochilmay qolgani aniqlangan. Ular dastlab, ushbu liftni ishlab chiqargan kompaniyaga telefon qilgan. Kompaniya mas’ullari liftga xizmat ko‘rsatmasligini bildirgan.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar FVB markaziy dispetcherlik markaziga aloqaga chiqishgan. Hokimlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shundan so‘ng besh daqiqa ichida fuqarolar liftdan chiqarib olingan.

«Mazkur lift uyga 15 kun avval o‘rnatilgan bo‘lib, hozirgi kunda sinov muddatini o‘tayotgani sababli xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyasiga topshirilmagan.

Lift boshqaruv servis kompaniyasiga topshirilganidan so‘ng xizmat ko‘rsatish bo‘yicha BSK bilan shartnoma imzolanadi. O‘rnatilgan har bir liftning kirish peshtoqiga xizmat ko‘rsatuvchi va qutqaruv xizmati telefon raqamlari yozib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi», deyiladi hokimlik rasmiy munosabatida.

Kun.uz oldinroq Toshkent shahri Yunusobod tumani 5-markaz 74-uyda ikki kishi liftda qamalib qolgani hamda liftni ishlab chiqargan kompaniya koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘rashgani, ammo operator bepul xizmat ko‘rsatilmasligini bildirgani haqida xabar bergandi

Top