Yunusobodda ikki kishi liftga qamalib qoldi
Ichkarida qolib ketganlar liftni ishlab chiqargan kompaniya koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘ragan. Lekin kompaniya operatori bu “dom” bilan shartnoma yo‘qligini aytib, bepul xizmat ko‘rsatilmasligini bildirgan.
7 avgust kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanining Sharof Rashidov ko‘chasidagi 74-uyda ikki fuqaro liftda 1 soat davomida qamalib qolgan. Ular Osten kompaniyasi Call markazi raqamini ko‘rib, unga qo‘ng‘iroq qilishgan. Ammo kompaniya operatori ushbu “dom” bilan shartnoma yo‘qligini aytib, bepul xizmat ko‘rsatilmasligini bildirgan.
“Uy 9 qavatli. Biz og‘aynim bilan birga 6-qavatga ko‘tarilayotgan edik. Kutilmaganda lift to‘xtab qoldi. Lift ichidagi ko‘rsatkichda xitoycha yozuvda ogohlantirish paydo bo‘ldi. Biroz kutdik, havo yetishmay boshlagach, qo‘limiz bilan lift eshiklarini ochishga urindik. Biroz ochilgach, yonimizdagi sochiqni eshiklar orasiga tiqib qo‘ydik.
Liftda Osten kompaniyasi Call markazining raqami bor ekan. Qo‘ng‘iroq qildim. Ammo kompaniya vakili shartnoma yo‘qligi sababli bepul xizmat ko‘rsata olmasligini ma’lum qildi. Agar bizning o‘rnimizda yosh bola yoki ayol kishi bo‘lganida nima bo‘lardi? Bunaqa vaziyatda hamma ham qutqaruv xizmatining qisqa raqamini eslay olmaydi, birinchi navbatda lift ichida yozilgan raqamga qo‘ng‘iroq qiladi”, deydi Kun.uz jurnalisti bilan suhbatlashgan vaziyat ishtirokchisidan biri.
Tahririyatga taqdim etilgan videolavhada ko‘rinishicha, erkak Osten kompaniyasi Call markaziga qo‘ng‘iroq qilib, yordam so‘ragan va zo‘rg‘a bog‘langanini, lift ichida aloqa yaxshi emasligini aytgan. Uning savollariga javob qaytargan Call markazi operatori esa xizmat shartnoma asosida pulli bo‘lishini ma’lum qilgan. “Inson hayoti pulga borib taqaladimi? Pulli bo‘lmasa bizning murojaatimizni qabul qilmaysizmi hozir?” degan savolga kompaniya operatori iloji yo‘q, deya javob bergan. O‘zi yordam bermagan holatda Call markazi xodimi tezkor qutqaruv xizmatlariga ham manzil bo‘yicha xabar berish choralarini ko‘rmagan.
Shundan so‘ng erkaklar FVVning 1050 qutqaruv raqamiga qo‘ng‘iroq qilishgan. Oradan 5 daqiqa o‘tmay qutqaruvchilar yetib kelgan hamda liftni ochib, erkaklarni chiqarib olishgan.
Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Osten kompaniyasi vakili bilan bog‘landi.Uning ta’kidlashicha, texnik guruhlar orqali nosozlik aniqlangan manzilga borib xizmat ko‘rsatish shartnoma asosida pulli tarzda amalga oshiriladi. Liftlarda oddiy nosozliklar aniqlanganida masofadan boshqariladigan ofis dispetcher xodimlari tomonidan bartaraf etiladi.
Keyingi paytlarda O‘zbekistonda lift bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlar ko‘payib bormoqda. Ularning ayrimlari hatto o‘lim bilan yakun topayapti.
Jumladan, 18 iyun kuni Toshkent shahar Yangihayot tumani “Yangi Darxon” MFY, Navro‘z ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning yuk tashish uchun mo‘ljallangan lifti yuqoridan pastga tushayotgan vaqtida texnik nosozlik tufayli tezlashib ketgan. Oqibatda liftda bo‘lgan 11 nafar fuqaro turli darajada yengil tan jarohati olib, RShTYoIMga olib ketilgan.
26 iyul kuni esa 32 yoshdagi pochtachi ayol Olga Leontevaning o‘ligi poytaxtning Parkent ko‘chasidagi 239-uy liftidan topildi. Ma’lum bo‘lishicha, u hodisa 24 iyul kuni sodir bo‘lgan: ayol chiqqan lift ko‘p qavatli uyning eng yuqorisida to‘xtab qolgan. Marhumning yordam so‘rab baqirgan ovozini hech kim eshitmagan. Keyinchalik Bosh prokuratura pochtachi ayolning jasadi topilgan lift nosoz bo‘lganini ma’lum qildi, Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi esa buni rad etdi.
Ushbu voqealar ortidan liftlardagi ko‘ngilsizliklar masalasi Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqildi. Muhokamalar chog‘ida O‘zbekistonda har to‘rtta liftning bittasi talabga javob bermasligi ma’lum qilingan.
Mavzuga oid
19:26 / 03.07.2024
Lift importi yuzasidan hukumatga takliflar berilgan - Raqobat qo‘mitasi
14:53 / 15.06.2024
Senat aralashuvi bilan bojxonada qolib ketgan liftlar chiqarildi, lekin muammo hal bo‘lmadi
15:09 / 21.05.2024
Yunusobodda niqob taqqan holda daraxt kesgan shaxslar 5 sutkaga qamaldi
12:11 / 06.05.2024