2023 yil 10 avgust kuni ommaviy axborot vositalarida AQShning Havayi shtati hududida yong‘inlar sodir bo‘layotgani va 40 ga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Halok bo‘lganlar Havayi orollari turkumiga kiruvchi Maui oroli g‘arbida joylashgan sayyohlik shaharchasi Laxaynada topilgan. O‘shanda shuningdek, Maui orolida yana ikkita yirik o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘layotgani, Havayi shtati gubernatori sayyohlarni Maui orolini tark etishga chaqirgani haqida xabar berilgandi.

O‘shandan buyon 3 kun o‘tdi va Maui orolidagi yong‘in kuchayib bormoqda. Laxayna shahri butunlay yonib ketgan. 2023 yil 13 avgust holatiga ko‘ra hozircha jasadi topilgan insonlar soni 90 kishidan oshgan.

Laxaynada yong‘in oqibatlari. Foto: Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA

Hozirda Laxayna shahri xarobalarini to‘liq o‘rganish ishlari yakunlanmagan. Shu sababli qurbonlar soni yana bir necha barobarga oshishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Yong‘in oqibatida Laxayna shahridagi 2200 ta bino vayron bo‘lgan yoki zarar ko‘rgan. Ularning 86 foizi turar joy binolari. Shuningdek, 850 gektar yer yonib ketgan. Favqulodda vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha federal agentlik (FEMA) Laxaynani tiklash 5,5 milliard dollarga tushishini taxmin qilmoqda.

Laxayna shahrini vayron qilgan yong‘in AQSh tarixida so‘nggi yuz yildagi eng halokatli yong‘in sifatida baholanyapti.

Laxaynadagi vayrongarchiliklar, 9 avgust
Jack Truesdale / Civil Beat / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Agar o‘rmon yong‘inlarining kelib chiqishiga qaralsa, ularga quyidagilar sabab bo‘ladi:

a) Inson aralashuvi tufayli.

O‘rmon yong‘inlariga asosan dam oluvchilar tomonidan yoqilgan olovning yaxshi o‘chirilmasligi sabab bo‘ladi. Yoki o‘rmon yaqinida yashaydiganlarning turli chiqindilarni yoqishi ham yong‘in keltirib chiqaradi.