Foto va videolarga ko‘ra, osmono‘par binoga urilgan dron jiddiy zarar yetkaza olmagan
Foto: SOFYA SANDURSKAYA/TASS

Tunda ko‘plab moskvaliklar va Moskva oblasti aholisi yana bir bor portlashlar ovozidan uyg‘onib ketdi. «„Moskva-Siti“, Vorotinskaya, Angarskaya ko‘chalari, shuningdek Ximki va poytaxtdagi Mitino rayonida kuchli shovqin ovozlari eshitilgani haqida xabarlar kelib tushgan», — deyiladi TASS agentligi xabarida. «Kommersant» gazetasi korrespondenti esa soat 2:50 atrofida «Moskva-Siti» hududida portlash ovozi eshitilganini xabar qilgan.

Taxminan yarim soat vaqt o‘tib Moskva shahri meri, endilikda deyarli har kuni tunda o‘z telegram-kanaliga yangi xabar qo‘yishga majbur bo‘layotgan Sergey Sobyanin dronlardan biri «Moskva-Siti»da «qurilayotgan bino»ga kelib urilgani, boshqasi Mojaysk yaqinida urib tushirilgani haqida yozdi.

Keyinroq Rossiya mudofaa vazirligi yana bir dron urib tushirilgani haqida xabar berdi. Yakunda hujum qilgan dronlar soni uchta bo‘lib chiqdi. Vazirlik versiyasiga ko‘ra, ularning ikkitasi havo hujumidan mudofaa kuchlari orqali Moskva oblastining Mojaysk va Ximki rayonlarida urib tushirilgan, uchinchisi esa Moskvaga uchib kirganidan keyin radioelektron kurash vositalari orqali «bostirilgan», shundan so‘ng «Moskva-Siti»dagi «qurilayotgan bino» bilan «to‘qnashuv sodir bo‘lgan».

Dron osmono‘par binoga urilgan joyning yirik plandagi ko‘rinishi. Foto: SOFYA SANDURSKAYA/TASS

«Moskva-Siti»dagi yana bir minora

OAV va telegram-kanallarda tarqalgan foto va videolarda dron deyarli qurib bitkazilgan minoraga urilgani, natijada taxminan 12-qavatda bitta panoramali oyna qulagani, uning atrofidagi oynalar yoriqlar va qorakuya bilan qoplanganini ko‘rish mumkin.

«Ostorojno, Moskva» kanali versiyasiga ko‘ra, dron «Merkuriy» minorasi yonida qurilayotgan osmono‘par binoga urilgan. «Agenstvo» nashri esa dron Moscow Towers minorasiga urilganini taxmin qilgan va bu bino aka-uka Rotenberglarga aloqador ekanini bildirgan.

Fotosuratlarda ishbilarmonlik mavzesi hududidagi shisha parchalari, shuningdek bu hududga tutash joylashgan eski xrushchevka uylarning singan oynalari ham aks etgan. Sobyanin atrofdagi ikkita besh qavatli uylarda ham bir qancha derazalar sinib ketganini tasdiqlagan.