O‘zbekiston | 17:37 / 25.08.2023
14607
2 daqiqa o‘qiladi

“Tax gap” va QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatish amaliyoti to‘liq bekor qilindi – Soliq qo‘mitasi

Soliq tizimda QQS to‘lovi uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni “Tax gap” va QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish amaliyoti to‘liq bekor qilindi, deydi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev.

18 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularni qiynayotgan ko‘plab masalalarni hal qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Xususan, soliq tizimidagi ayrim o‘zgarishlar yuzasidan Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Kun.uz'ga ma’lumot berdi.

“Soliq tizimda QQS to‘lovini uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni “Tax gap” va QQS guvohnomasini vaqtincha to‘xtatib qo‘yish amaliyotini to‘liq bekor qildik. 1 sentabrdan birorta ham QQS sertifikatlar to‘xtatilmaydi va ularning ijrosi ta’minlanadi. Faqatgina sud qarori asosida, qonunbuzarlik aniqlanganida olib qo‘yilishi mumkin.

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq to‘lovchilar soliq idoralariga chaqirilib, ulardan hujjatlar talab etmaydi. Huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanmaydi, uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlarning faoliyatiga ta’sir qilmaydigan adolatli me’yorlar belgilanadi.

Tadbirkorlarga o‘z majburiyatlarini ixtiyoriy bajarishlari uchun tizim yanada qulay va shaffoflashtiriladi. Tadbirkorlarning murojaatlarini to‘liq eshitadigan hamda kamchiliklarni birgalikda bartaraf qiladigan, to‘g‘ri ishlaydigan tizim tashkil qilamiz.

Bir so‘z bilan aytganda, soliq organlari xizmat ko‘rsatishni yangi bosqichiga olib chiqiladi”, — deydi Mirzayev.

Mavzuga oid