«Arsenal» – «MYu» 3:1
Gollar: 0:1 – 27 Reshford, 1:1 – 28 Edegor, 2:1 – 90+6 Rays, 3:1 – 90+10 Gabriel Jyezus 
Arsenal – Remsdeyl, Uayt, Gabriel, Saliba, Zinchenko (Tomiyasu, 76), Edegor, Rays, Haverts, Saka, Martinelli, Nketia (Jyezus, 76).
MYu – Onana, Uan-Bissaka, Lindelyof (Evans, 84), Martines (Maguayr, 67), Diogu Dalot, Eriksen, Kazemiro, Brunu, Antoni (Garnacho, 84), Marsiyal (Hoylund, 67), Reshford.
Ogohlantirishlar: Lindelyof (38), Saka (40), Martines (65), Onana (68), Gabriel Jyezus (89).

«MYu» tarkibidagi muammolar va «Arsenal»ning yo‘qotishi

«Bu premiyer-ligadagi eng muhim qarama-qarshiliklardan biri», — Erik Ten Hag APLning to‘rtinchi turi doirasidagi «Arsenal» va «MYu» o‘yini oldidan shunday so‘zlarni aytdi.

«Yunayted» «Emireyts»ga umuman ochkosiz holatda tashrif buyurishi ham mumkin edi: klub dastlabki turlardagi ochkolarga katta qiyinchilik bilan erishdi. Qolaversa, jamoa yangi mavsum arafasida tarkibdagi muammolarini oxirigacha hal qila olmagan.

Shu yozda jamoani tark etishi kutilgan, ammo xaridor chiqmagan Skott Maktominey, shuningdek, bosh murabbiy bilan muammosi bor Jyeydon Sancho Londonga olib ketilmadi, Rafael Varan, Lyuk Shou, Tayrell Malasiya va Meyson Maunt allaqachon lazaretda. Ten Hagda variantlar ko‘p emas, natijada Diogu Dalotni yana chap qanot himoyachisi pozitsiyasiga yuborishga to‘g‘ri keldi (transferlar oynasining so‘nggi kunida ijaraga olingan Serxio Regilon hali o‘ynashga tayyor emas), Eriksen esa o‘rta chiziqqa joylashtirildi (tarkibni keraksiz futbolchilardan tozalash imkoni bo‘lmagani uchun transferi kechikib ketgan Amrabat ham tayyor emas).

«Arsenal» esa «Nottinghem Forrest» va «Kristal Pelas» bilan o‘yinlardagi g‘alabalardan so‘ng kutilmaganda «Fulhem» bilan durang o‘ynagandi (2:2), shunday ekan, vaziyatni o‘nglash uchun jamoa mavsumdagi ilk jiddiy raqib bilan o‘yinda g‘alaba qozonishi talab etilardi.

Havers ishlagan penalti va Maguayrning maydonga qaytishi

Foto: SHAUN BOTTERILL/GETTY IMAGES

O‘yin ilk daqiqalardan qiziy boshladi va «Arsenal» ilk daqiqalardanoq o‘yin ohangini belgilab berdi. «Yunayted» maydon o‘rtasidan o‘tishga qiynaldi, jamoa o‘yinni o‘z darvozasi atrofida qurdi va to‘pni oldinga yetkazib berishda xatolarga yo‘l qo‘ydi.