Ukrainadagi urushning 491-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Ramzan Qodirov urush bahonasida Rossiya prezidenti saylovini vaqtincha bekor qilish yoki uni faqat bir nomzod — Vladimir Putin ishtirokida o‘tkazishni taklif etdi.
- Nova Kaxovkada «Yedinaya Rossiya» partiyasining mahalliy bo‘limi kotibi Vladimir Malov halok bo‘ldi. Uning avtomobili portlatib yuborilgan.
- Slovakiya Ukrainaga harbiy yordam yetkazishni to‘xtatdi. Bu saylovlarda Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni va’da qilgan sobiq bosh vazir partiyasining g‘alabasidan keyin ro‘y berdi.
- RF qo‘shini Odessa oblasti bo‘ylab «Oniks» raketalari bilan zarba yo‘lladi. Turar joy binosi, pansionat va g‘alla ombori shikastlangan. To‘rt kishi jarohat olgan.
- AQSh Rossiyaga mikrochiplar yetkazib bergani uchun Xitoyning 42 kompaniyasi bilan savdo qilishni chekladi.
- Mayya Sandu «Prigojin jamoasi» Moldovada davlat to‘ntarishi urinishga tayyorgarlik ko‘rgani haqida aytdi.
- Ukrainada Mixail Fridman, Petr Aven va Andrey Kosogovning 17 milliard grivnalik aktivlari xatlandi.
Groza qishlog‘i qabristonida yangi qabrlar
5 oktyabr kuni Rossiya qo‘shini Xarkiv oblastida, front chizig‘idan 35 kilometr masofada joylashgan Groza qishlog‘iga raketa zarbasi yo‘llagandi. Raketa frontda halok bo‘lgan harbiyning pominka (ma’raka) marosimi o‘tkazilayotgan kafega kelib urilgan. Natijada 52 kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan, olti kishi jarohat olgan. Bu zarba Groza qishlog‘i aholisining oltidan bir qismini hayotdan olib ketgan — bu yerda jami 330 kishi yashardi.
7 oktyabr kuni Grozada qurbonlarning dastlabkilarining dafn marosimi o‘tkazildi. Er-xotin Nikolay va Tatyana Androsovich dafn etildi. «Okkupatsiyadan omon chiqishgandi, endi esa zarbaga uchrashdi. Hali juda ko‘p odamni dafn etamiz», — degan «Suspіlne» nashri bilan suhbatda Nikolay Androsovichning do‘sti Volodimir.


































