HAMAS a’zolarining Isroilga 7 oktyabr kungi hujumlari vaqtida mamlakat janubidagi chegaradosh hududlar eng ko‘p jabr ko‘rdi. Reim kibutsi yaqinida Universo Paralello musiqa festivali ishtirokchilariga hujum qilgan, Kfar-Aza kubutsida o‘nlab kishilarni o‘ldirgan qurolli shaxslar G‘azo sektori bilan chegaradan taxminan besh kilometr masofada joylashgan Beeri kibutsini ham shturm qilgan. Isroillik harbiylar bu joyni ozod etishi uchun ham ikki kunga yaqin vaqt sarflandi. Shundan keyin hududga kirgan Zaka qidiruv-qutqaruv guruhi ko‘ngillilari tinch aholi vakillari bo‘lgan 120 dan ortiq kishining jasadini topishgan. Beerida jami 1100 nafar atrofida odam yashagan.

HAMAS Beeriga 7 oktyabr kuni taxminan soat 6:30 da raketa zarbalari yo‘llagan. Isroil mudofaa armiyasiga ko‘ra, kibuts hududiga 70 ga yaqin jangari kirib kelgan.

HAMAS a’zolarining Isroilga hujumi yo‘lidagi ilk nishon bo‘lgan Reim kibutsidagi musiqa festivali ishtirokchilaridan biri, 20 yoshli Noyya Rouven raketa zarbalari boshlangan vaqtda Beeriga qochgan. U Beeriga soat 7:00 da yetib kelgan, ammo kibuts allaqachon HAMAS kuchlari nazoratiga o‘tgandi.

Shundan keyin u Beeri yaqinidagi beton boshpanada yashiringan do‘stlari bilan bog‘lana olmaydi. Faqat dushanba kuniga kelib ularning taqdiri ma’lum bo‘ladi. Ularning ikkisi og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan, degan u Times of Israel nashriga. «Afsuslar bo‘lsinki, yana ikki kishi o‘ldirilgan va bir kishi o‘g‘irlangan», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Beeriga hujum HAMASning yuzlab jangchilarining keng ko‘lamli reydining bir qismi bo‘ladi. Guruh a’zolari bundan tashqari Isroil janubidagi yana uch shahar — Ofakim, Sderot va Netivotga, shuningdek, chegaradagi boshqa kibutslarga kirishgan.

Beeridagi voqealar haqida nimalar ma’lum?

Mahalliy aholi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, 7 oktyabr kuni ular ertalab soat 6:30 atrofida havo trevogasi va to‘xtovsiz portlashlar ovozidan uyg‘ongan. Taxminan 45 daqiqa o‘tganidan keyin ular kibutsda HAMAS a’zolari harakatlanayotganini tushunishgan.