Ikki haftadan ko‘proq vaqt davomida G‘azo sektoriga hech narsa kiritilmadi: na oziq-ovqat, na suv va na yonilg‘i. So‘nggi kunlarda Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punkti ochilib, hududga 4 marta kam sonli yordam kirdi.
Ammo insonparvarlik yordamlari tarkibida yonilg‘i yo‘q, hozirgacha G‘azo aholisi ehtiyojlari uchun yonilg‘i so‘rovi Isroil tomonidan rad etib kelinmoqda.
Isroil tarafi asosiy argumenti – dizel harbiy va fuqarolik maqsadlarida ishlatilishi mumkin bo‘lgan «ikki maqsadli» mahsulot sifatida tasniflanmoqda. Shuning uchun yonilg‘i qattiq nazorat ostida.
G‘azodan halok bo‘lganlardan tashqari, o‘n minglab yaradorlar ham bor. Shifoxonalar, u yerdagi tibbiy asbob-uskunalar ishlab turishi uchun esa elektr energiyasi zarur.
Isroil tomonidan 7 oktyabr kuni boshlangan qamal hududga elektr energiyasini kiritishni ham cheklaydi. Natijada, G‘azoda yuqorida aytilgan tibbiy uskunalar majburan dizel yoqadigan generatorlar yordamida ishlatilmoqda. Dizel va boshqa turdagi yonilg‘ilar miqdori esa cheklangan. Ayrim shifoxonalarda shifokorlar energiyani tejash uchun, ba’zida ilojsizlikdan bemorlarni telefon yorug‘ida operatsiya qilishga majbur bo‘lmoqda.
«Agar qamaldagi anklavga yonilg‘i kirishiga ruxsat berilmasa, butun yordam operatsiyasi to‘xtaydi. Kasalxona generatorlari, suvni tuzsizlantirish zavodlari va oziq-ovqat va tibbiy buyumlarni qayta taqsimlash uchun yuk mashinalari — barchasi to‘xtaydi», degan BMT vakili Tomas Uayt.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azodagi 35 kasalxonadan kamida 10 tasi Isroilning aviazarbalari oqibatida katta zarar ko‘rgan yoki elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yonilg‘i yetishmasligi tufayli ishlamay qolgan. To‘liq blokada G‘azoning 2 milliondan ortiq aholisini tubsiz jarga olib bormoqda.
Al-Jazeera'ning yozishicha, bugunga qadar G‘azoga elektr quvvati ikki manbadan kelgan. Ulardan biri 120 MVt stansiya Isroil hududida, u 9 oktyabr kuni Isroil armiyasi tomonidan o‘chirilgan. 11 oktyabrda yonilg‘isi tugab, faoliyatini majburan to‘xtatgan G‘azo elektr stansiyasi esa qo‘shimcha 70 MVt energiya ishlab chiqargan. Bu falastinliklar bu ikkisidan ham mahrum va yonilg‘ida ishlaydigan generatorlarga tayanib qolgan.

















