Samarqandda yaxshi niyatlar bilan ulkan zarar keltiruvchi loyiha amalga oshirilmoqda va bo‘yinga qarz sirtmog‘i tashlanmoqda, deb yozadi rossiyalik taniqli urbanist Arkadiy Gershman.
Gershman Samarqand shahrining Gagarin va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishmalarida qurilishi nazarda tutilgan loyihani tanqid ostiga olgan. Qayd etish lozimki, Gagarin-Mirzo Ulug‘bek chorrahalaridan farqli o‘laroq, hali bu manzilda ishlar to‘laqonli boshlanmagan, hali ham zararli loyihani to‘xtatish mumkin.

«Ikkita keng tarqalgan yanglish fikr bor: har qanday yangi qurilish bu — yaxshilikka, ko‘chalardagi avtomobil tirbandligini yo‘qotish uchun svetoforlardan voz kechib, yo‘layirgich (razvyazka) qurish. Prinsip jihatdan olib qaralsa, shahar chetidagi yo‘llarda yo‘layirgichlarning chindan ham foydasi tegadi, lekin shahar ko‘chalari haqida so‘z borganda yo‘layirgichlar tirbandlikni faqat 100 metr nariga ko‘chirib berishini, atrofdagi qulay muhitni barcha uchun o‘ldirishini anglashimiz lozim. Inson faqat yo‘lning chekkasida yashashga majbur bo‘ladi.
Matematiklar va transportchilar o‘tgan asrdayoq oddiy chorrahalarning o‘rniga quriladigan yangi yo‘llar va o‘sha yo‘layirgichlar ko‘chada mashinalar soni oshishi va yangi tirbandliklarga olib kelishini isbotlab bo‘lishgan. Shuning uchun aqlli shaharlar anchadan buyon bu usullardan voz kechib borgan — buning o‘rniga jamoat transporti, piyodalar va velosiped yo‘laklarini ko‘paytirishga pulni ayashmayapti. Bu — asosiy masala.

Samarqandda esa jonli turar joy massivi ichidan shahar chetida qad rostlagan yangi turar joy massiviga yo‘l solishga va shahar markazidagi ko‘chani yo‘layirgichli trassaga aylantirishga qaror qilishdi. Buning yo‘lida yangi polosalar uchun ko‘p yillik daraxtlardan ham voz kechilmoqda, tunnellar qurilishi uchun kommunikatsiyalar ko‘chirilmoqda.


















