FT'da e’lon qilingan maqolada yozilishicha, KXDR rahbari koronavirus pandemiyasidan mamlakat chegaralarida nazoratni kuchaytirish uchun foydalangan. Xorijiy OAVga ma’lumot berish uchun o‘lim jazosi joriy qilish evaziga esa endi o‘zini hukumatga kelganining ilk yillariga qaraganda ancha xavfsiz his qilmoqda.
Otasi va bobosining siyosatidan chekinib
Shimoliy Koreya yetakchilari doim o‘z qo‘llaridagi richaklardan xalqaro hamjamiyat ularga yon bosishi yo‘lida foydalanib kelgan. Masalan, avvaliga Koreya yarimorolida sun’iy inqiroz yuzaga keltirib, keyin eskalatsiya kuchaymasligi evaziga sanksiyalarni yumshatishni so‘rashadi. Aftidan, hozirgi rahbar Kim Chen In bunday siyosatdan voz kechgan va AQSh bilan murosa qilish haqida o‘ylamayapti ham.
38 North dasturi direktori Jyenni Taunning aytishicha, yangi sovuq urush haqidagi gaplar fonida o‘z tomonini aniqlab oldi va buning mukofotini ham olmoqda: Rossiya va Xitoy bilan qalin aloqalar evaziga KXDR yadro dasturini rivojlantirib bormoqda.
KXDR Rossiyaga qurol va ish kuchi yuborib, evaziga texnologiya olmoqda
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin o‘q-dori bilan bog‘liq muammoga duch kela boshladi. Shimoliy Koreya esa ruslarga bu borada yordam bergan kam sonli davlatlardan bo‘ldi. AQShda oktyabr oyida minglab qurol-yaroq ortilgan konteynerlar Shimoliy Koreyadan Rossiyaga olib ketilayotgani aks etgan koinotdan olingan suratlar e’lon qilindi. Vashingtonning taxminicha, KXDR buning evaziga Rossiyadan qiruvchi samolyotlar, «yer – osmon» klassidagi raketalar, ballistik raketa yasash uchun uskunalar va yuqori texnologiyalar oladi. Janubiy Koreya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy Koreya yaqinda ilk parvozi amalga oshirilgan razvedka sun’iy yo‘ldoshi borasida ham Rossiyadan texnik ko‘mak olgan.
Rossiya bilan aloqalarni yaxshilayotganidan tashqari Kim Chen In Xitoyning panohida qolishni ham davom ettirmoqda. Masalan, Xitoy oxirgi bir necha oy ichida KXDRga mamlakatda bo‘lib turgan yuzlab shimollik qochoqlarni qaytardi. Vaholanki, bunga BMT, AQSh va ko‘plab xalqaro tashkilotlar qarshilik qilgandi. Kim Chen In bu qochoqlarni qaytarganini o‘z g‘alabasi deb qabul qilgan.
«Xitoy Shimoliy Koreyani doim bufer zona sifatida qadrlagan. Garchi ularning yadro dasturi va provokatsion harakatlari chinliklarga yoqmasa ham. Xitoy AQSh bilan bir necha o‘n yillar davomida konflikt holatida bo‘lishini anglagach, Pxenyanni qo‘llashda davom etib, evaziga ko‘p narsa so‘ramaydi ham», deydi koreyashunos Andrey Lankov.
Rossiyaning Uzoq Sharq hududida ishchi kuchi yetishmovchiligi kuzatila boshlagach, Shimoliy Koreya u yerga ko‘plab ishchilarni yubordi. Xitoy bilan mamlakatning savdo aylanmasi oxirgi 4 yil ichida eng yuqori darajaga yetdi. Pekin KXDRga sanksiya bo‘yicha taqiqlangan mahsulotlarni ochiqchasiga eksport qilgan. Bundan tashqari, BMT taqiqiga qaramay, Shimoliy Koreyadan ko‘mir va po‘lat sotib olgan.

















