Yig‘ilishda kengash a’zolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, shu jumladan Adliya vazirligi vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, 2023 yil davomida mamlakat uchun ustuvor bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid 9 ta, siyosiy-huquqiy sohada 10 ta xalqaro reyting natijalari e’lon qilindi. Xususan, Transparency International xalqaro tashkilotining Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 14 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 ta davlat orasida 126-o‘rinni egalladi.

Tadbirda Adliya vaziri o‘rinbosari X.Meliyevning Hududlarning huquq ustuvorligi indeksining 2022 yil natijalari bo‘yicha axboroti tinglandi hamda muhokama qilindi. Tahlillarga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida (72,5 ball) qayd etilgan bo‘lsa, eng quyi ko‘rsatkichlar Farg‘ona (66,3 ball), Samarqand (66,4 ball) va Buxoro viloyatlarida (67,7 ball) qayd etilgan.

Hududlarda qonun hujjatlariga rioya qilinishi indikatorida ijobiy ko‘rsatkichlarga (2022 y. 81 ball, 2021 y. 73 ball) erishilgan bo‘lsa, Mahalliy ijro organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati (-15 ball), Hududlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligi (-5 ball) indikatorlarida umumiy natijalar pasaygan.

Hududlarning huquq ustuvorligi indeksining 2022 yilgi tahlil natijalari bo‘yicha past ko‘rsatkichlar qayd etilgan sohalar hamda hududlar kesimida tanqidiy muhokama qilindi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha choralar belgilab olindi.

Shuningdek, yig‘ilishda prezidentning 2022 yil 18 maydagi «Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlashda ilmiy salohiyat va amaliy faoliyat uyg‘unligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–246-sonli qarori ijrosi ko‘rib chiqildi.

Jumladan, xalqaro reytinglarning tarkibiy indikatorlarida muntazam past baholanib kelinayotgan soha va tarmoqlarni jadal rivojlantirish bo‘yicha qabul qilinishi kerak bo‘lgan o‘rta va uzoq muddatli strategiyalar loyihalari muhokama qilindi.

Qolaversa, xalqaro reytinglarning past ko‘rsatkichli indikatorlari uchun mas’ul davlat organlari tomonidan soha va tarmoqlardagi mavjud tizimli xatoliklarni bartaraf etish loyihalarini ishlab chiqish uchun ilmiy grantlarga buyurtma berishi holati tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqildi.