O‘zbekiston | 18:07 / 20.12.2023
8926
3 daqiqa o‘qiladi

«Homiladorlik va tug‘ish nafaqalari har qanday holatda ham to‘lab beriladi» – Tanzila Norboyeva

2024 yil davlat budjetidan xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga 100 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu joriy yilda ushbu xarajatlar uchun ajratilgan pul mablag‘idan 3 barobarga kam. Senat raisi Tanzila Norboyevaning ta’kidlashicha, bu qisqartirish real hisob-kitoblar, ya’ni joriy yilgi o‘zlashtirish darajasini inobatga olgan holda belgilangan.

Oliy Majlis Senatining 48-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva xususiy sektordagi ayollarga «dekret» puli bo‘yicha davlat xarajatlarining qisqarayotgani haqida fikr bildirdi.

«Davlat organlarining jamoatchilik bilan budjet doirasidagi muloqotlari doimiy tus olishi kerak. Shundagina turli xil tushunmovchiliklarning oldi olinadi. Birgina misol, keyingi yil budjetida xususiy sektorda ishlovchi ayollarning homiladorlik va tug‘ish nafaqalari (dekret) miqdori qisqartirilganini ko‘pchilik faollar go‘yoki davlat o‘z va’dasidan qaytayotgandek talqin qilishga urinishdi.

Holbuki, bu qisqartish real hisob-kitoblar, ya’ni joriy yilgi o‘zlashtirish darajasini inobatga olgan holda belgilangan. Lekin toki budjet loyihasi e’lon qilingunga qadar xususiy sektorda ishlovchi ayollarning dekret puli bilan bog‘liq real holat jamoatchilikka taqdim etilganini eslay olmaymiz. «Nega o‘zlashtirish kam bo‘lyapti?», «xususiy sektordagi ayollarimiz davlatning bu kafolatidan qanchalik xabardor?», «xususiy korxonalar bu masalaga qanday yondashyapti?» degan savollar doirasida keng qamrovli muhokamalar bo‘ldi deya olmaymiz. Vaholanki, mutasaddi vazirlik, idoralar bunga birinchi navbatda e’tibor qaratishlari kerak edi.

Hamma, ayniqsa xususiy sektorda rasman mehnat qilayotgan ayollarimiz bilib qo‘yishlari kerak: homiladorlik va tug‘ish nafaqalari bu – davlat kafolati va har qanday holatda ham to‘lab beriladi. Boshqacha talqinga o‘rin yo‘q», dedi Tanzila Norboyeva.

Avvalroq, 2024 yilgi budjet loyihasida xususiy sektorda ishlayotgan ayollarga davlat tomonidan homiladorlik va tug‘uruq nafaqalari to‘lanishi uchun 100 mlrd so‘m ajratilayotgani muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Chunki ushbu xarajatlar uchun 2023 yilgi davlat budjetida 300,7 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu holatni 2023 yilning haqiqiy xarajatlari inobatga olingani bilan izohlagandi.

Mavzuga oid