AQShning Alyaska shtatida 14 qavatli bitta uydan iborat Uitter nomli shaharcha bor.
Binoda turar joylar, shahar administratsiyasi, politsiya bo‘limi, oziq-ovqat do‘koni, mehmonxona, kafe va bog‘cha joylashgan. Bir so‘z bilan aytganda, Uitter aholisi ko‘p qavatli uydan chiqmay bemalol yashayversa bo‘ladi.
Shaharcha Kenay yarimorolida, Shahzoda Vilgelm bo‘g‘ozida, Alyaska shtatining ma’muriy markazi Ankorij shahridan 93 kilometr uzoqlikda joylashgan. Uitter (Whittier) deb nomlangan bu shaharcha dunyodagi noodatiy maskanlardan biri hisoblanadi.

Shaharcha tarixi
Uitter tarixi ikkinchi jahon urushi davriga borib taqaladi. O‘sha paytda AQSh Mudofaa vazirligi Uitterda Sallivan harbiy lagerini (Camp Sullivan) tashkil etadi. So‘ng u yerda port quriladi. Harbiy bazaga Ankorijdan temiryo‘l tortishga qaror qilishadi.
1943 yilda port va temiryo‘l tarmog‘i qurib bitkaziladi va Uitter Mudofaa vazirligi uchun muhim joyga aylanadi. Shtatlardan boradigan askarlar Uitterdagi harbiy lagerda taqsim qilinardi.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng ko‘p o‘tmay SSSR va Amerika o‘rtasida geo-siyosiy raqobat boshlanadi. Bu raqobat tufayli Alyaskaga yaqin bo‘lgan Sharqiy Osiyodagi Xitoy va Koreya yarimorolida fuqarolar urushi boshlanadi. Natijada AQSh Mudofaa vazirligi Uitterdagi harbiy lagerni harbiy bazaga aylantirishga qaror qiladi.
Shu tariqa Uitterda ikkita bino quriladi. Ulardan biri “Hoj uyi” yoki “Begich minorasi” (Begich Towers) deb atalgan baland bino edi. Bino 1953 yilda Anton Andersen tomonidan loyihalashtirilgan.

Bu bino “Hoj uyi” nomini Uitterdagi harbiy baza komandiri Uilyam Hoj tufayli olgan. Keyinchalik uni “Begich minorasi” deb atashgan. Imoratga bu nom 1972 yilda Alyaskada bedarak yo‘qolgan amerikalik siyosatchi Begich tufayli berilgan.


























