20-asrda SSSR ikkita narsasi bilan maqtana olardi. Biri kosmosni o‘zlashtirish, ikkinchisi qurol-yarog‘ va turli harbiy texnikalar ishlab chiqarish.

Sovetlar har ikki soha uchun juda katta mablag‘larni ayamasdan ishlatishar va dunyoning eng ilg‘or davlati bo‘lgan AQSh bilan tengma-teng raqobat olib borishardi.

Oxir-oqibat xalq farovonligidan ko‘ra harbiy sohada va kosmosni o‘zlashtirishda dunyoda yetakchi bo‘lishga intilgan davlat parchalanib ketdi. Biroq o‘sha davrlarda ishlab chiqarilgan turli harbiy texnikalarni ko‘plab mamlakatlar bugun ham ishlatmoqda.

Ulardan biri afsonaviy Mi-8 vertolyotlari hisoblanadi. Vertolyotning afsonaviyligi uning mukammalligi yoki boshqa afzalliklarida emas. Shunchaki bu vertolyotdan juda ko‘p – qariyb 20 ming dona (!) ishlab chiqarilgan.

Ilk sinov nusxasi 1960-yillar boshida, qolganlari SSSR parchalanib ketguncha ishlab chiqarilgan bu vertolyotlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgan.

Buni so‘nggi yillarda bu turdagi vertolyotlarning tez-tez qulab tushayotgani ham isbotlab turibdi. Biroq hanuzgacha undan dunyoning ko‘plab davlatlari, shu jumladan O‘zbekiston ham foydalanib kelmoqda.

Mi-8 vertolyotlari tarixi

Mi-8 vertolyotlarining tarixi o‘tgan asrning 60-yillari boshiga borib taqaladi. Mi-8 gacha 1950-yillar birinchi yarmida Mi-1 va Mi-4, 1957 yilda Mi-6 vertolyotlari ishlab chiqarilgandi.

Bu vertolyotlarni taniqli sovet aviakonstruktori Mixail Mil loyihalashtirgan. Shu uchun ular Mi deb nom olgan. 1960-yildan boshlab Mixail Mil yangi vertolyot loyihasi ustida ishlay boshlaydi. Bu samolyot Mi-8 deb nom oladi.

Mi-8 vertolyotining dastlabkisi 1961 yilda sinovdan o‘tkaziladi. Oradan bir oy o‘tgach uni Moskvaning Tushinsk aerodromida o‘tkazilgan aviatsiya paradida davlat rahbari Nikita Xrushchyovga ham ko‘rsatishadi.

1964 yilda Mi-8 hukumat komissiyasi tasdig‘idan o‘tadi va uni seriyali ishlab chiqarishga ruxsat berishadi. Vertolyotlar asosan Qozondagi aviatsiya birlashmasida tayyorlangan.

Keyinchalik Mi-8 ning boshqa ko‘plab variantlari ham ishlab chiqariladi. Jumladan, uning fuqaro aviatsiyasi uchun, harbiy jangovar va harbiy transport turlari tayyorlanadi. Ular orasida hatto sanitar vertolyotlari ham bor edi.

Yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan Mi-8 larda 28 ta o‘rindiq bo‘lib, ular 500 km masofagacha uchib bora olardi. Harbiy transport vertolyotida 24 ta o‘rindiq joylashtirilgan, qolgan qismi yuk ortishga mo‘ljallangan edi. Jangovar Mi-8 lar esa turli qurollar bilan jihozlanadi.