Farg‘ona shahri markazidagi Yoshlar ko‘lining 2,2 gektarlik hududi 2023 yilda ham 5 oylik firmaga berib yuborilib, ko‘p o‘tmay qaytarib olingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimining qarori qabul qilingan.
Xayrullo Bozorovning 2023 yil 29 noyabrdagi qarori bilan Yoshlar ko‘li hududi “Polatov steel” MChJga doimiy muddatga foydalanish huquqi bilan biriktirib berilgan.


Qarorga ko‘ra, MChJga Yoshlar ko‘li bino-inshootlariga 60 mlrd so‘m investitsiya kiritish, 4 ta 7 qavatlik otel apartament, zamonaviy ekspo markazi, Xitoy va Yevropa restorani hamda zamonaviy plyaj loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, 200 dan kam bo‘lmagan yangi ish o‘rinlari yaratish sharti qo‘yilgan. Kadastr agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi va Farg‘ona shahar hokimligiga obektga biriktirib berilgan yer maydoniga aniqlik kiritish hamda tegishli tartibda kadastr hujjatlarini tayyorlash topshirilgan.
Ammo 2023 yilning 12 dekabriga kelib viloyat hokimi o‘z qarorini bekor qilish haqida qaror qabul qilgan. Unda ta’kidlanishicha, “Polatov steel” MChJ hokimlikka xat bilan murojaat qilib, moliyaviy ahvoli barqaror emasligini bildirgan.

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, “Polatov steel” MChJ 2023 yilning 31 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bor-yo‘g‘i 100 ming so‘mlik ustav kapitaliga ega bo‘lgan MChJ ta’sischisi 100 foizlik ulush bilan Rustam Jo‘rayev hisoblanadi.

Rustam Jo‘rayev 2021 yil Farg‘onadagi ilk holding deya shov-shuv qilingan “MARAFON GROUP” holdingi asoschilaridan biri sifatida ko‘ringan.

Ammo “MARAFON GROUP” loyihasi nima ekani haqida odamlar tuzukroq ma’lumot olmasidan turib jimib ketishgan.
Kun.uz “Polatov steel” MChJ ta’sischisi Rustam Jo‘rayev bilan bog‘lanib, Yoshlar ko‘li bilan bog‘liq holatga izoh olishga urinib ko‘rdi. Ammo qayta qo‘ng‘iroq qilishini aytgan Jo‘rayev shu tariqa tahririyat bilan bog‘lanmadi.















