Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbasi oqibatida HAMAS harakati siyosiy qanoti yetakchisi Ismoil Xoniyaning uch o‘g‘li  halok bo‘ldi. Isroil mudofaa armiyasi ushbu ma’lumotni tasdiqlagan.

Xoniya Al Jazeera telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida o‘g‘illari urush vaqtida G‘azo sektorida qolgani, chorshanba kuni esa Ramazon hayiti munosabati bilan anklav shimolidagi qarindoshlarini ko‘rish uchun borishganini aytgan.

Xoniyaning bu bayonoti HAMASga aloqador bo‘lgan axborot agentliklarining G‘azoda uning uch nafar farzandi — Hazem, Amir va Muhammad Ismoil, shuningdek ikki nabirasi G‘azo shahridan g‘arbdagi qochqinlar lageriga yo‘llangan aviazarba qurboni bo‘lgani haqida tarqatgan xabarlar ortidan berildi.

TsAHAL o‘ldirilganlarning barchasi HAMASning harbiy qanoti a’zolari bo‘lganini ma’lum qilgan.

«Isroil harbiy-havo kuchlari samolyotlari HAMASning G‘azo sektori markaziy qismida terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi uch jangarisiga qarata zarba yo‘lladi, — deyilgan isroillik harbiylar bayonotida. — TsAHAL uch nafar jangari HAMASning siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning farzandlari ekanini tasdiqlaydi».

Ijtimoiy tarmoqlarda xiralashtirilib tarqatilgan kadrlarda vayronalar orasida yotgan jasadlar usti yopib qo‘yilgani aks etgan.

Bu urush davrida Xoniyaning oila a’zolari halok bo‘lishi bilan bog‘liq ilk holatlar emas: uning o‘g‘illaridan biri fevral oyida, ukasi va qarindoshi oktyabrda o‘ldirilgani aytiladi, noyabrda — bir nabirasi halok bo‘lgan.

Xoniya o‘z farzandlari va nabiralarini «shahidlar» deb atagan va qarindoshlarining o‘ldirilishi HAMASning o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasini o‘zgartirmasligini ta’kidlagan.

«Bizning talablarimiz aniq va ravshan, biz hech qanday yon bermaymiz. Dushman agar muzokaralarning avj pallasida va harakatimiz takliflarga o‘z javobini berishidan oldin mening o‘g‘illarimga hujum qilishi bizni pozitsiyamizni o‘zgartirishga undaydi, deb o‘ylasa adashadi», — degan Xoniya Al Jazeera telekanaliga.

«Mening o‘g‘illarimning qoni xalqimizning boshqa vakillari qoni kabidir», — deya qo‘shimcha qilgan u.

HAMAS o‘t ochishni butunlay to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini to‘liq olib ketish va uylarini tark etgan falastinliklarni sektorning shimoliy qismiga cheklovlarsiz qaytarish bo‘yicha dastlabki talablariga sodiq qolmoqda.