2019 yil yanvarida Checheniston rahbari Ramzon Qodirovga «oshqozon osti bezi nekrozi» tashxisi qo‘yilgan. Bu haqda «Novaya gazeta Yevropa» materialida aytiladi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Qodirov pankreonekroz rivojlangan — bu kasallikda oshqozon osti bezining bir qismi quriydi.

«Novaya gazeta Yevropa» bu ma’lumotni qayerdan qo‘lga kiritganiga aniqlik kiritmagan. Bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q, chechen hukumati bu xabarga munosabat bildirmagan. 

Nashrga ko‘ra, 2019 yildan beri Qodirov bir yilda kamida ikki bor Moskvadagi prezident ishlari boshqarmasi tasarrufidagi Markaziy klinik shifoxonada «muntazam ravishda, jumladan jarrohlik» muolajalarini oladi. O‘sha yil fevralida Qodirov respublika boshqaruvini bosh vazir Muslim Xuchiyevga topshirib, o‘zi grippga chalinganini aytgandi. Shu bilan birga, ikki kun davomida o‘ziga kapelnitsa qo‘yilganini bildirgandi. 2020 yil yanvarida Qodirov «vaqtincha ishlay olmasligi» tufayli yana Checheniston rahbari vakolatlarini vaqtincha topshiradi.

«Novaya»ning tasdiqlashicha, 2020 yil yozida koronavirus bilan kasallangan Qodirov «endokrin tizimi bilan bog‘liq jiddiy muammolar <…> tufayli zo‘riqib qoladi». 

Materialda aytilishicha, 2022 yil bahorida Checheniston rahbarining salomatligi «keskin yomonlashib boradi». Natijada, deb yozadi nashr, buyrak yetishmovchiligi va o‘pkada suv turib qolishi Qodirovda nafas qisishini yuzaga keltiradi, u «gapirishga qiynaladigan, imillab yuradigan va chechen iqlimi uchun juda issiq kiyinadigan» bo‘lib qoladi.

2023 yil sentabr oyi o‘rtalarida telegram-kanallarda (xususan, muxolifatdagi chechen telegram-kanali NIYSO’da) Qodirovning sog‘ligi yomonlashgani va u go‘yoki «komaga tushib qolgani» to‘g‘risida xabarlar tarqaladi. Xabarlarda Checheniston rahbari Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgani aytilgan. «Novaya gazeta Yevropa»ning shifoxonadagi manbasi tasdiqlashicha, Qodirov bu yerga «„Dormikum“ trankvilizatori me’yoridan ortiq qabul qilinishi oqibatida paydo bo‘lgan» o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan olib kelingan. Bu preparat «jarrohlik amaliyotidan oldin bemorlarni tinchlantirish uchun» qo‘llanadi, chunki faol modda (midazolam) «tinchlantiruvchi va uxlatuvchi ta’sirga ega». «Novaya» ma’lumotiga ko‘ra, preparat go‘yoki kuchli og‘riq, uyqusizlik va jonsaraklikdan aziyat chekkan Qodirov uchun «samarali dori»bo‘lib chiqqan. Preparatni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish nafas olishda muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Nashr manbasi so‘zlariga ko‘ra, Qodirov shunday holatda Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan. Checheniston rahbari sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan, tibbiy koma holatiga tushirilgan.