Rossiya 15-16 iyun kunlari Shveytsariyada o‘tkaziladigan sammit doirasidagi tinchlik muzokaralarida qatnashishi mumkin, faqat umumiy tamoyillarga ega bo‘lgan davlatlar koalitsiyasi tuzilganidan keyin, deya ma’lum qildi Ukraina TIV rahbari Dmitro Kuleba Foreign Policy uchun bergan intervyusida. Vazir urushga barham berish uchun muzokaralarda mojaroning ikki tomoni ham ishtirok etishi talab etilishini aytgan, ammo muzokaralar bo‘yicha oldingi urinishlar Rossiya emas, Ukraina qaysi masalalarda yon berishi kerakligi asosiga qurilganini aytib, e’tiroz bildirgan. Kuleba bunday yondashuvni Rossiya propagandasining muhim muvaffaqiyatlaridan biri deb atagan va Ukraina «ko‘proq hurmatga loyiqligi»ni ta’kidlagan. Shuningdek, Ukraina TIV rahbari intervyu davomida Rossiya harbiy ishlab chiqarishda butun g‘arbiy alyansni ortda qoldirayotganini aytib, ittifoqchilarni «tajovuzkorni tinchlantirish» siyosatini olib borishdan qaytarib, bunday siyosat yanada kattaroq urushga olib kelishi haqida ogohlantirgan. Quyida Dmitro Kulebaning intervyusidan asosiy joylari keltiriladi.

Rossiya Shveytsariyadagi tinchlik sammitiga taklif etilmadi, chunki muzokara o‘tkazish uchun oldingi urinishlar ushbu davlat kelishuvga rioya qilmayotganini ko‘rsatgan, ammo tinchlik jarayoni bo‘yicha umumiy tamoyil va yondashuvlarga ega mamlakatlar koalitsiyasi tuzilishi bilan uning ham ishtiroki mumkin bo‘ladi, degan Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba.

«Agar Rossiya Ukrainaga qarshi boshlagan urushga darsliklardagi diplomatiya bilan yondashsangiz, sizning nuqtayi nazaringiz o‘rinli bo‘ladi. Chunki biz o‘qigan barcha darsliklarda stolga o‘tirish va muzokaralar olib borish uchun ikki tomon kerakligi aytilgan», — degan Kuleba boshlovchining Rossiya muzokaralarda ishtirok etishi ehtimoli to‘g‘risida bergan savoliga javoban.

Ammo Rossiya bilan bog‘liq holatda, uning so‘zlariga ko‘ra, uning «vijdonan» harakatlanishiga kafolat kerak bo‘ladi. Bunga faqat ikki yo‘l olib kelishi mumkin, deya qayd etadi Kuleba: Ukrainaning jang maydonidagi muvaffaqiyati yoki kelgusi strategiyalar quriladigan umumiy tamoyillarga ega bo‘lgan mamlakatlar koalitsiyasini tuzish.

«Shundan keyin Rossiya bilan muloqot qilish va Rossiya muzokaralarda ishtirok etishi mumkin. Chunki siz haqsiz: alal-oqibat urushga ikki tomon ishtirokisiz barham berib bo‘lmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan Kuleba.