Sardor Kariyevning onasi “Dok-1 Maks”dan jabrlanganlarga 75 mlrd so‘m mablag‘ni to‘lab berishga tayyorligini bildirdi
Sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etilgan Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva sudga iltimosnoma kiritib, “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga sud tomonidan belgilangan 75 mlrd 756 mln so‘m miqdoridagi ma’naviy zararni to‘lab berish taklifi bilan chiqqan. Buning evaziga u o‘g‘lini ozod etishlarini so‘ragan.
Daryo.uz’ning yozishicha, “Jurabek laboratories” MChJning ayni kundagi direktori, Sardor Kariyevning onasi Munira Kariyeva shunday iltimos bilan Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi va apellyatsiya instansiyasiga murojaat qilgan.
“Men zararli dorilar ta’siridan bolalari vafot etib, jabrlangan ota-onalarning og‘riqli yaralariga bir oz bo‘lsa-da malham bo‘lishi hamda o‘g‘lim Sardor Kariyevning qismatini yengillatishga erishish uchun hozirda o‘zim rahbarlik qilayotgan “Jurabek laboratories” MChJning iqtisodiy salohiyatini aynan sud hukmida jabrlangan ota-onalarga undirib berilishi belgilangan ma’naviy zararlarni to‘lab berishga yo‘naltirmoqchiman”, — deyiladi Munira Kariyevaning sudga bergan arizasida.
O‘g‘li taqdiridan tashvishlanayotgan onaning bitiklarida katta miqdordagi mablag‘ni “Jurabek laboratories” MChJning hisobi va mulkidan birdaniga ajratib berish imkoni yo‘qligi ta’kidlangan.
“Hozirgi kunda “Jurabek laboratories” MChJda 2000 nafardan ortiq odam ishlashi, har birining oilasining rizqi ham shu korxona faoliyati bilan chambarchas bog‘liqligini inobatga olgan holda, shuningdek, ilgari chetdan qimmat narxlarda import qilinadigan ko‘pgina dori vositalarini mahalliylashtirib, o‘zimizda ishlab chiqarilishi bilan bog‘liq jarayonda ham “Jurabek laboratories” MChJ yetakchilik qilayotgani bois sud hukmida ko‘rsatilgan ma’naviy zarar uchun to‘lanishi kerak bo‘ladigan mablag‘larni korxonaning asosiy faoliyatiga ta’sir qiladigan usulda birdaniga ajratib olishga mening ma’naviy huquqim ham yo‘q”, deyilgan murojaatda va pul to‘liq to‘lanishi uchun 3 yillik muddat so‘ralgan.
“Men “Jurabek laboratories” MChJning faoliyatidan daromad olish huquqiga ega ta’sischi sifatida bu mablag‘larni faqatgina korxona faoliyati natijalaridan qonunan olishim mumkin bo‘lgan divident mablag‘lari hisobiga shakllantirishim mumkin. Bu jarayon esa bir necha yil muddatni talab qiladi. Shuning uchun men korxona faoliyatidan tushadigan daromadlarni to‘g‘ri taqsimlagan holda 3 yil muddat ichida bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sud hukmida belgilangan ma’naviy zarar to‘lovlarini to‘liq to‘lab berishni amalga oshirish maqsadidaman. Evaziga esa o‘g‘lim Sardor Kariyevga nisbatan qonunning insonparvarlik prinsipini qo‘llab, unga nisbatan tayinlangan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini bekor qilib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi asosida yengillik berilishi va uning ozodlikka chiqarilishidan umidvorman. Sizdan ushbu maqsadga erishishimga yordam berishingizni iltimos qilaman”, degan Munira Kariyeva.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 26 fevral kuni O‘zbekistonda 68 nafar bolaning o‘limi, 16 nafar bolaning nogiron bo‘lib qolishiga olib kelgan “Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudning yakuniy hukmi e’lon qilingandi.
Mavzuga oid
20:16 / 22.10.2024
Vazir “Dok-1 Maks”dan nogiron bo‘lib qolgan bolalarga yordam berilayotganini aytdi. Jabrlanuvchi ota vazirning gapini yolg‘on dedi
12:00 / 12.10.2024
Sergelidagi portlash: 4 nafar ayblanuvchining har biri 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi
13:02 / 21.08.2024
Sud «Ozodlik»ka 100 mln so‘m to‘lash va «gaz chayqovchisi» haqidagi surishtiruv bo‘yicha raddiya e’lon qilishni yukladi
18:36 / 13.08.2024