17 iyul kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi Buxoro viloyati Peshku va G‘ijduvon tumanlarida qurilayotgan, har biri quvvati 500 Mvt bo‘lgan – Bash va Jankeldi shamol elektr stansiyalaridagi 35 foiz ulushini sotish to‘g‘risida Xitoyning China Southern Power Grid International kompaniyasi bilan bitim tuzdi.
Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bitim yakuniga bag‘ishlangan tadbirda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, vazir o‘rinbosari Umid Madaminov, Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Hamud Turki Almutairi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori o‘rinbosari Abdullajon Otaboyev, ACWA Power bosh direktori Marko Arcelli va CSG vitse-prezidenti Tang Yifeng qatnashgan.
Xabarda bitim qiymati ochiqlanmagan.
“Ushbu bitim O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Bu ACWA Power va China Southern Power Grid International o‘rtasida Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga oid keng ko‘lamli loyiha bo‘yicha birinchi qo‘shma investitsiya bitimini ifodalaydi”, - deyiladi ACWA Power xabarida.
Bash va Jankeldi ShES haqida
Buxoroning ikki tumanida shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha prezident farmoni 2021 yilda imzolangan.
Bu ikki loyiha quvvati jami 1000 Mvtga teng bo‘lib, ACWA Power ularning qurilishini 2022 yilda boshlagan. Shamol elektr stansiyalari 2024 yilda foydalanishga topshirilishi kerak edi.
Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari kompaniyasi bilan 25 yillik shartnoma imzolagan. Shamol elektr stansiyalarini moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari ko‘magida amalga oshirilyapti.
Qurilishi boshlangan vaqtda Bash va Jankeldida shamol tun-u kun esib turgani sabab to‘xtovsiz elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni bo‘lishi ma’lum qilingandi. 1 GVt (1000 Mvt) quvvatga ega stansiyalar respublikada ishlab chiqarilayotgan 6,3 foiz elektr energiyasiga to‘g‘ri keladi.















