So‘nggi uch hafta davomida Ukraina qurolli kuchlari ming kilometr kvadratdan ortiq hududni egallab olgan Kursk oblastidagi inqirozli vaziyatda «Axmat» bo‘linmasi qo‘mondoni hamda Rossiya qurolli kuchlari harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Apti Alaudinov rossiyaliklarning asosiy spikeri bo‘lmoqda, u har kuni vaziyat qanday «barqarorlashayotgani» haqida aytib kelmoqda.

BBC rus xizmati nega Rossiyaning ukrainlar qo‘liga o‘tgan hududlarida nimalar bo‘layotgani haqida fuqarolarga tushuntirib beradigan boshqa odam topilmagani haqida hikoya qildi.

General doim bir xil

«Men Apti Alaudinovni ikkinchi chechen kampaniyasi orqali yaxshi bilaman. Ammo men ko‘p yillar davomida u bilan hech qanday munosabatda, aloqada bo‘lmadim. Men mayorligimda u katta leytenant bo‘lganini eslayman. Foydali, aqlli, aytish mumkinki, iste’dodli», — degandi 2022 yil 9 sentabrda DXRning sobiq mudofaa vaziri Igor Strelkov-Girkin ukrain armiyasining Xarkiv oblastidagi qarshi hujumiga bag‘ishlangan navbatdagi strimida. O‘sha pallada Girkin Rossiyada safarbarlik e’lon qilishga muntazam chaqiriqlari va boshqa nom ostida Qrim orqali oldingi chiziqqa bormoqchi bo‘lgani tufayli internet-memga aylangandi.

O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari bir necha kunlik harbiy harakatlar natijasida Oskol daryosining o‘ng sohilini egallab, Balakliya, Vovchansk, Kupyansk, Izyum, Liman shaharlarini ozod etgan, Rossiya mudofaa vazirligi esa bir necha kunlik sukut saqlashdan keyin 8000 km. kv hudud boy berilganini tan olib, bu hodisani «qayta guruhlanish» deb nomlagandi.

Igor Strelkov ikkinchi chechen kampaniyasi bo‘yicha tanishini bejiz esga olmagandi. Rossiyalik harbiylar tezlik bilan Xarkiv oblastidan chekinib borarkan, «Axmat» maxsus topshiriqli otryadi komandiri Apti Alaudinov Rossiya armiyasi amalda dushmanni tuzoqqa ilintirayotgani, shundan keyin Belgorod tomondan zaxira kuchlar olib kirilib, hal qiluvchi zarba bilan u to‘liq tor-mor etilajagini va Xarkiv tomon qarshi hujumga o‘tilishini aytgandi.

«Bu gapni men emas, balki Rosgvardiya generali aytgan, men bu yerda harbiy sirni ochayotganim yo‘q», — deya har ehtimolga qarshi javobgarlikni o‘zidan soqit qilgandi Strelkov va shunchaki rossiyalik harbiy spikerning so‘zlaridan iqtibos keltirayotganini ta’kidlagandi.

Foto: Alexander Reka/TASS

Ikki oy o‘tgach, general Sergey Surovikin «qiyin qaror» qabul qilganida, Rossiya armiyasi Xerson tashlab chiqqanida, general Alaudinov propaganda ko‘rsatuvi bo‘lgan «Solovev LIVE» efirida Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan oldin go‘yoki Ukraina kuchlari Rossiyaga hujum qilishga tayyorlangani haqida gapirgandi: «Rossiyani parchalashga qaratilgan shaytoniy reja maxsus harbiy amaliyot boshlanishiga olib keldi, — deya izohlagandi «Axmat» komandiri Rossiya armiyasining Xersondan chiqishini. — Biz Ukraina bilan emas, balki NATO bloki bilan jang qilyapmiz».