Surxondaryoda inspektorni haqoratlab, pogonini yulgan mayorga tanbeh berildi
Surxondaryo viloyati YPXB komandirining o‘rinbosari Baxtiyor Izbosarov xizmat oldi yo‘riqnomasi vaqtida inspektorni haqoratladi. Tarqalgan videoda u inspektorlarga “kunlik plan”ni bajarish bo‘yicha qat’iy topshiriq berayotganini ham eshitish mumkin. Surxondaryo viloyati YHXB holat 2023 yilda bo‘lganini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati YPXB komandirining o‘rinbosari, mayor Baxtiyor Izbosarov inspektor bilan janjallashgani aks etgan videolavha tarqaldi.
Videolavhada ko‘rinishicha, Izbosarov inspektorni kurakda turmaydigan uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan.
“Gapiryapman-qo‘yyapman, indamay eshitib, ko‘rib yuribman. Kecha Abdurahmonov Jalol degan bola, to‘g‘risida 6 ta Damas, onasini emsin, ko‘rib o‘tiribdi, ishi yo‘q. N...y kerak? Iltimos sizlardan, asabimga o‘ynamanglar-ye”, degan o‘rinbosar xizmat oldi yo‘riqnomasi vaqtida.
Bunga javoban inspektor J.Abdurahmonov bitta “GAI” hech narsa qilolmasligini aytib, nima qilishni so‘ragan. Shu paytda Izbosarov birdaniga “nega bidillaysan?” deya uni haqoratlashga tushgan.
Baxtiyor Izbosarovning og‘zidan shunday so‘zlar chiqqanki, chidab turolmagan inspektor unga haqoratlamay gapirishni aytib, tortishgan. Ularning janjali yoqalashishgacha yetgan. Jarayonda komandir o‘rinbosari inspektorning bodikamerasini tortib olib, pogonini yulgan. Shuningdek, u inspektordan xizmat nishoni va guvohnomasini topshirishni ham talab qilgan.
Videolavhaning ikkinchi qismida Baxtiyor Izbosarov inspektorlarga “kunlik plan”ni bajarish bo‘yicha qat’iy topshiriq berganini ham eshitish mumkin.
“Bir inspektor 135 (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli hujjatlarsiz transport vositalarini boshqarishi huquqbuzarligi aks etgan 135-moddasini nazarda tutgan - tahririyat) va boshqa qoidabuzarlik bo‘yicha uchtadan ziyod qilishi kerak. Qarzdorlik bo‘yicha ham xuddi shunday: eng kamida uchta bo‘lishi kerak. Undan ziyodini qilsanglar o‘zlaring uchun, qilaveringlar. Shuning hisobiga bir inspektor kuniga 6 ta transport vositasini jarima maydonchasiga kiritishi kerak. Eng kamida”, deya ta’kidlagan u o‘z topshirig‘ida.
Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, mayor va inspektor janjali 1 yil oldin sodir bo‘lgan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mazkur holat bir yil avval, ya’ni 2023 yilning 29 avgust kuni sodir bo‘lgan. Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB saf maydonida YPX xodimlari bilan o‘tkazilgan xizmat oldi yo‘riqnomasi vaqtida YPXB komandirining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari, mayor B.Izbosarovning 1-safarbarlik guruhi inspektori, safdor J.Abdurahmonov bilan o‘zaro tortishuvli holati yuzasidan viloyat IIB mas’ullari tomonidan o‘rnatilgan tartibda xizmat tekshiruvi o‘tkazilganligini ma’lum qilamiz”, deyiladi boshqarma rasmiy munosabatida.
Lekin boshqarma xizmat tekshiruvi natijasini hamda Baxtiyor Izbosarovga qanday chora ko‘rilganini rasmiy munosabatda ochiqlamagan.
Surxondaryo viloyati IIB JXX YHXB axborot xizmatining “Daryo” nashriga bildirishicha, mayor Baxtiyor Izbosarovga tanbeh intizomiy chorasi qo‘llanilgan.
Baxtiyor Izbosarov bundan 4 yil oldin – karantin vaqtida ham noto‘g‘ri harakati bilan “tilga tushgandi”. O‘shanda u karantin postida haydovchi bilan tortishib, majburiy sug‘urta polisi muddati o‘tganligi bo‘yicha e’tiroz bildirgan. Haydovchi esa karantin vaqtida muddati tugagan ruxsat beruvchi barcha hujjatlarning amalish qilish muddati 2020 yil 1 iyulga qadar uzaytirilganini aytgan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, Izbosarovga “tanbeh” intizomiy jazosi qo‘llangan.
Oldinroq Toshkent viloyatida YHXX xodimlariga majburiy «plan» qo‘yilayotgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
11:10
Katta inspektor-psixologlar va ularga doir vakolat ichki ishlardan MGga o‘tkazilmoqda
19:37 / 25.09.2024
Sho‘rchi tumani hokimi o‘zgardi
17:09 / 24.09.2024
“Hamma fermer imzo qo‘yib berishi kerak” - paxta yetishtiruvchilar narxni tushirishga majburlanmoqda
17:40 / 23.09.2024