Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant 6 noyabr, chorshanbaga o‘tar kechasi iste’foga chiqqanidan so‘ng, Quddus va Tel-Avivda minglab odamlar mamlakat bosh vaziri Binyamin Netanyahuning harakatlariga qarshi ko‘chalarga chiqib, G‘azo sektorida Hamas tashkiloti tomonidan garovga olingan isroilliklarni o‘z vataniga qaytarishni talab qilishdi

The Times of Israel internet-nashrining yozishicha, Tel-Avivdagi Ayalon shossesining janubiy tomonida namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun politsiya yoqimsiz hidli kuchli suv oqimlaridan foydalanishga majbur bo‘lgan.

Muxolifat yetakchilaridan biri Yair Lapid Isroil fuqarolarini ko‘chaga chiqishga chaqirdi. U urush avjida Galantning iste’foga chiqishini «jinnilik harakati» deb atadi.

Yoav Galantning bayonoti

Ayni paytda Yoav Galantning o‘zi Isroil hukumatini G‘azo sektorida Hamas tashkiloti qo‘lida qolgan garovga olinganlarni tiriklayin uylariga qaytarishga chaqirdi. «Hamas tomonidan o‘g‘irlab ketilgan o‘g‘il-qizlarimizni qaytarish bizning ma’naviy va axloqiy burchimizdir, - dedi u. - Biz buni ular tirikligida imkon qadar tezroq qilishimiz kerak».

Galantning qo‘shimcha qilishicha, «garovga olinganlarni qaytarish mumkin, ammo bu og‘riqli murosalarni talab qiladi». «Isroil davlati bu murosaga qanday dosh bera olishini biladi» va «Isroil armiyasi buni qanday ta’minlashi mumkinligini biladi», dedi u.

Isroil prezidenti Gersogning Galantning iste’fosi haqidagi bayonoti

O‘z navbatida, Isroil prezidenti Itsxak Gersog Binyamin Netanyahuning mamlakat mudofaa vaziri Yoav Galantni ishdan bo‘shatish haqidagi qarori fonida urush paytida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan siyosiy to‘ntarishdan ogohlantirdi. «Isroilga hozir kerak bo‘lgan oxirgi narsa — bu to‘ntarish va urush davom etayotgan paytda burilish nuqtasi», dedi u 5 noyabr kuni kechqurun. Isroil davlati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat xavfsizligi «barcha fikrlardan ustun» bo‘lishi kerak. «Mamlakat rahbariyatining vazifasi hozirgi vaqtda katta mas’uliyat bilan harakat qilishdir», dedi u.

Shu bilan birga, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining ismini oshkor etmagan vakili The Times of Israel internet nashriga bergan izohida Vashingtonda Netanyahuga Galantning iste’fosi va bu qarorga nima sabab bo‘lganligi bo‘yicha «savollari borligini» ta’kidladi.