Hozirgi kunda advokatlar darajasini tergovchi yoki prokuror bilan tenglashtirishga urinishlar bo‘layotganiga qaramay, ular hamon teng imkoniyatlarga ega emas. Bu esa advokatlarning huquqlarini poymol etmoqda, deydi himoyachilar. Kun.uz bilan gaplashgan advokatlar – dalil va hujjatlarga e’tiborsizlik, yo‘qolib qolayotgan fuqarolar hamda qonun bilan cheklab qo‘yilgan huquqlari haqida aytib o‘tdi.

9 noyabr kuni advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi prokuror iltimosnomalari sudlar tomonidan ommaviy qanoatlantirilayotgani natijasida O‘zbekistondagi vaqtincha saqlash izolyatorlari to‘lib ketganini aytdi. Oliy mahkama rasmiylari va advokatlar uchrashuvi ortidan jamiyatda dolzarb bo‘lgan advokat huquqlari, tergov-surishtiruv jarayonida inson huquqlari buzilishiga doir masalalar yana kun tartibiga qaytdi. Kun.uz ushbu masala yuzasidan amaliyotda yuzaga kelayotgan masalalarni jamoatchilikka olib chiqish uchun advokatlarga mikrofon tutdi.

Amrullo Ahmedov, advokat:

Advokatura mavzusi kundan kunga muammo sifatida ko‘tarilmoqda. Advokatlarning O‘zbekistonda yetishmasligi yoki kamligi inson huquqlarining buzilishiga yoki qaysidir huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari tomonidan surishtiruv yoki jinoyat qidiruv protsesslari bo‘ladimi, ularga ko‘proq o‘z harakatlarini amalga oshirishga yordam beradi.

Shaxs ushlanganda uning huquqlari tushuntirilishi kerak. Uning nimada ayblanayotgani yoki nimada ushlanayotgani haqida yoki unga gapirmaslik huquqi borligini tushuntirish lozim. U o‘ziga advokat olishi mumkin yoki unga har bir aytilgan gapi o‘ziga qarshi ishlatilishi mumkinligini tushuntirish kerak. Tegishli idoralar vakillari bularni fuqaroga tushuntirishi lozim. Jinoyatchi bo‘lsin, gumonlanuvchi bo‘lsin, har biriga tushuntirish lozim. Chunki bu qonun talabi, Konstitutsiyada ham, JPKda ham shunday talablar bor. Lekin buni tushuntiradigan bo‘lsak, o‘ziga – surishtiruv, tergov organlariga muammo olib keladi.

Dilshodbek Kenjaboyev, advokat:

Qonunlarimizda advokatlarning huquqlari va imkoniyatlari ancha cheklab qo‘yilgan. Oddiy misol, jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror bilan hatto tanishish imkoniyatimiz yo‘q. Qachon jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, nima asosga ko‘ra kimning arizasiga ko‘ra qo‘zg‘atildi, bu narsa qachon boshlandi, degan savollarga hatto javob ololmaymiz. Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasida «himoyachi jinoyat hujjatlari bilan dastlabki tergov tamom bo‘lgandan keyin to‘liq tanishib chiqish huquqi beriladi» degan qoida bor. Bu narsa — himoya pozitsiyasining susayishiga, tergov jarayonida shaxslarning huquqlari buzilishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, dastlabki tergovning asossiz ravishda cho‘zilishiga olib keladi.