NATO Estoniya va Finlandiya o‘rtasidagi Estlink 2 suvosti elektr kabeliga zarar yetkazilgani fonida Boltiq dengizidagi harbiy ishtirokini kuchaytiradi. Bu haqda tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte ma’lum qildi.
«Finlandiya prezidenti Aleksander Stubb bilan suvosti kabellariga shikast yetkazilgani bo‘yicha davom etayotgan tergov haqida gaplashdim. O‘zimning to‘liq birdamligim hamda qo‘llab-quvvatlovimni bildirdim. NATO Boltiq dengizidagi harbiy ishtirokini kuchaytiradi», — deb yozadi Ryutte X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga.
Stubb administratsiyasining ma’lum qilishicha, Finlandiya va Estoniya mintaqada, ayniqsa, muhim suvosti infratuzilmalari yaqinida NATO kuchlarini oshirish zaruratiga qo‘shilgan. Helsinki hozircha suvosti kabeli qo‘poruvchilik harakati natijasida shikastlanganini aniq ayta olmaydi.
Bir necha kun oldin Estoniya va Finlandiya o‘rtasidagi Estlink 2 elektr kabelida nosozlik kuzatildi — bu Boltiq dengizida joriy yil davomida qayd etilgan uchinchi holatdir.
Hongkong bayrog‘i ostida suzuvchi Xin Xin Tiang 2 kemasi uzilish sodir bo‘lgan joy yaqinida payqalgan. Yle media-kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, yana bir kema — Estlink 2 kabeli hududida Kuk orollari bayrog‘i ostida Sankt-Peterburgdan Misrga yo‘l olgan va hodisa aniqlanganda sezilarli darajada sekinlashgan Eagle S. 26 dekabr kuni esa Fingrid operatori Estlink 2 elektr kabeli bir necha oy davomida ishlamasligini xabar qildi.

















