Sammitda BAA prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim, Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo hamda boshqa mamlakatlarning davlat va hukumat, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar rahbarlari ishtirok etmoqda.
Mirziyoyev o‘z nutqida bugungi kunda energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ulardagi uglevodorod ulushini keskin kamaytirish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, barqaror rivojlanish va global xavfsizlikni ta’minlashning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.
Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadi – ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiy o‘sishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga o‘tishdir.
– Shu bois 2025 yilni O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qildik, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident O‘zbekistonda Kam uglerodli rivojlanish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya va “yashil” moliyalashtirish milliy dasturi ishlab chiqilgani, investitsiya loyihalarida “yashil” komponentlar kelgusi besh yilda 50 foizgacha ko‘paytirilishini qayd etdi.
Issiqxona gazlarini monitoring qilish va emissiya uchun kvotalar savdosi bo‘yicha milliy tizimlarni joriy etish ishlari davom etmoqda. 2030 yilga borib issiqxona gazlari chiqarilishini 35 foizga qisqartirish va bu majburiyatni bosqichma-bosqich oshirib borish reja qilingan. “Yashil makon” dasturi doirasida shaharlar hududlarining kamida 30 foizi ko‘kalamzor maydonlarga aylantiriladi. Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni 100 foiz tatbiq etish tizimli choralari ko‘rilmoqda.
Mirziyoyev tez sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotning energetikaga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish uchun “yashil” quvvatlar jadal rivojlantirilayotganiga e’tibor qaratdi.
– O‘tgan 5 yilda energetika sohasiga qariyb 20 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb qilindi va 9,6 gigavatt zamonaviy energiya quvvatlari ishga tushirildi. Jumladan, 3,5 givattli 14 ta quyosh, shamol elektr stansiyalari va 300 megavattli 2 ta saqlash tizimlari ishga tushirildi, – dedi davlat rahbari.
Hozir xorijiy hamkorlar bilan qiymati 26 milliard dollardan ziyod va umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2030 yilga qadar mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

















