20 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov 2024 yil O‘zbekistonda korrupsiyaga oid jinoyatlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda jami 6 ming 898 nafar shaxs tomonidan 5 ming 716 ta jinoyat sodir etilgan. 2023 yilga nisbatan korrupsiyaga oid jinoyatlar «Hududgazta’minot» AJ, Suv xo‘jaligi, mahalliy hokimliklar hamda bank sohasida kamaygan. Oliy ta’lim, transport hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida esa oshgan. Maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohalarida korrupsiyaga oid jinoyatlar salmog‘i yuqoriligicha saqlanib qolmoqda.

Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida 2024 yilda 309 ta korrupsiyaga oid jinoyatlar hokim yordamchilari faoliyati bilan bog‘liq holda sodir etilgan.

Hududlar kesimida korrupsiyaga oid jinoyatlar Toshkent viloyatida, Toshkent shahrida va Samarqand viloyatida eng ko‘p sodir etilgan. Buxoro hamda Xorazm viloyatlarida korrupsiyaviy jinoyatlar kam sodir etilgan.

Shuningdek, agentlikka 2024 yil davomida jami 4 176 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga, viloyat mahalliy hokimliklariga 55 ta so‘rovnoma yuborilgan. Qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 41 ta taqdimnoma kiritilgan, 7 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, shundan 1 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan, 19 ta qabul qilingan qarorlar bekor etilgan, 6 ta jinoyat ishi, 10 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan va mavjud xato-kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Korrupsionerlarning 80 foizi qamalmagan, Andijon antireytingda birinchi o‘rinda — milliy ma’ruza

Agentlikka ko‘ra, 327 ta normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra 327 ta loyihaning 71 foizida yoki 233 tasida 676 ta korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlandi