28 fevral kuni Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uchrashdi. Ikki yetakchi foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvni imzolashi kutilgan edi, lekin bu barbod bo‘ldi. Jurnalistlar qarshisidagi uchrashuv janjal bilan tugadi, Zelenskiyning AQShga safari erta yakunlandi.
Diplomatik sahnadagi bu katta tortishuv ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbekzabon segmentida ham aks sado berdi. Unga ijtimoiy-siyosiy faollardan tortib, boshqa foydalanuvchilargacha turli fikr va munosabatlar bildirmoqda.
Masalan, tadbirkor Zafar Hoshimov holatni «ko‘ngilni xira qilgan tortishuv», deb atagan.
«Prezident Tramp va vitse-prezident Vens, ikki kishilashib, mana uch yildirki o‘z vatani mustaqilligi va territorial daxlsizligini agressordan himoya qilib kelayotgan dovyurak ukrain prezidentiga uning mamlakatini va xalqini «zaif va ilojsiz», «o‘ynaydigan kartasi yo‘q», deb unga ta’nalar otib, majburlab, hech qanday kafolatsiz, o‘zlari uchun «tinchlik» deb nomlagan, aslida esa tajovuzkorga yon beradigan otashkesim kelishuviga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi.
Xuddi uch yil oldin qurolli agressiyaga qanday jasurlik bilan qarshilik ko‘rsatgani kabi, bu gal ham ushbu og‘zaki tashlanishga prezident Zelenskiy mardlik va matonat ila qarshilik ko‘rsatdi», – deydi tadbirkor. Shuningdek, u janjal ortidan qilgan bir necha xulosalarini yozib qoldirgan.
BBC O‘zbek xizmati jurnalisti Ibrat Safoning fikricha, diplomatik uchrashuv «hech qachon bu kabi jirkanch va bozor tusini olmagandi».
«Tramp va Vens Zelenskiyni jahon matbuoti oldida yerga urishdi, Amerikaga hurmatsizlikda va yetarlicha minnatdorlik ko‘rsatmaganlikda ayblashdi. Tramp hatto Hillari Klinton, Obama, Baydenlar bechora Putinni yovuz qilib ko‘rsatishganini aytib, o‘z davlati obro‘si va hukumatini loyga bulg‘adi. Vens oraga suqilib, Ukrainani propagandada ayblay boshlaganida, Zelenskiy: «Ukrainada o‘zi biron marta bo‘lganmisiz» deya mot qildi. Ikki bullining oldida bo‘sh kelmadi. Meni taklif qildinglar-ku, gapirsam bo‘ladimi, deb ham so‘radi.








