Mustaqillikka erishilgan paytda Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy yalpi ichki mahsuloti 47 mlrd dollar atrofida edi. Oradan 34 yil o‘tib bu miqdor 10 barobardan ko‘proqqa o‘sib, 500 mlrd dollarga yaqinlashib qoldi. Milliy iqtisodiyotlar yuqori sur’atda o‘sayotgan bo‘lsa-da, mintaqada xomashyo eksporti va pul o‘tkazmalariga qaramlik saqlanib qolyapti.

1991 yilda Markaziy Osiyo davlatlari birin-ketin SSSR tarkibidan chiqib, mustaqillikka erishdi. Istiqlolning dastlabki yillarida mintaqa mamlakatlarining barchasida og‘ir iqtisodiy muammolar kuzatilgan bo‘lsa-da, 90-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab milliy iqtisodiyotlar tiklana boshladi. O‘tgan davr mobaynida aholi daromadlari va turmush darajasi ham sezilarli yaxshilandi.

Xo‘sh, 1991 yildan keyingi davrda MO davlatlari qanday rivojlandi?

Aholi jon boshiga daromadlar

1991 yilning oxirida aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi Qozog‘istonda 1442 dollarni, Turkmanistonda 832 dollarni, O‘zbekistonda 658 dollarni, Qirg‘izistonda 569 dollarni, Tojikistonda esa 458 dollarni tashkil etgan.

2023 yil yakuniga kelib, bu ko‘rsatkich davlatlar kesimida quyidagicha o‘zgargan:

  • Qozog‘iston – 12 919 dollar;
  • Turkmaniston – 8232 dollar:
  • O‘zbekiston – 2849 dollar:
  • Qirg‘iziston – 1970 dollar;
  • Tojikiston – 1160 dollar.

O‘tgan 22 yil ichida aholi jon boshiga daromadlar Qozog‘istonda 8,9 barobarga, Turkmanistonda 9,9 barobarga, O‘zbekistonda 4,3 barobarga, Qirg‘izistonda 3,4 barobarga, Tojikistonda 2,5 barobarga oshgan.

Yalpi ichki mahsulot hajmi

1991-2023 yillar oralig‘ida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 13,8 mlrd dollardan 101,6 mlrd dollarga yoki 7,3 barobarga ko‘paygan. Bu ko‘rsatkich qo‘shni mamlakatlarda quyidagicha bo‘lgan:

  • Qozog‘istonda – 24,9 mlrd dollardan 262,6 mlrd dollargacha (o‘sish – 10,5 barobar);
  • Turkmanistonda – 3,2 mlrd dollardan 60,6 mlrd dollargacha (o‘sish – 18,9 barobar);