Toshkent shahar hokimligi tashkil etilayotgan yo‘lbo‘yi avtoturargohlar uchun maksimal tarifni soatiga 30 ming so‘m deb belgiladi. Bu haqda “Toshkent invest” vakili ma’lum qildi.

Poytaxt hokimining o‘tgan yili 16 oktyabrdagi qaroriga asosan, pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish to‘lovi tarif zonasiga qarab (shahar markazida eng qimmat) 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb tasdiqlangan edi. Shu bilan birga, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasida, pulli to‘xtab turish joylaridagi to‘lov miqdorini joy egalari mustaqil belgilashi ko‘rsatilgan; bunda, ushbu narx hududiy hokimliklar tomonidan (Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda) belgilanadigan maksimal tarifdan yuqori bo‘lmasligi kerak.

Spot'ning xabar berishicha, 12 mart kuni shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu maksimal tarif miqdori ochiqlangan.

“Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurkoning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentda tashkil etilayotgan pulli avtoturargohlar to‘rtta tarif zonasiga ajratilgan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming so‘mdan. Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda, maksimal tarif 30 ming so‘m deb belgilangan.

Aleksandr Gurkoga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab 200 mingdan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan pulli to‘xtash joylarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda shaharning 86 ta nuqtasida 13-14 mingta o‘ringa ega yo‘lbo‘yi avtoturargohlar foydalanishga topshiriladi. Ularning dastlabkilari joriy mart oyi oxirigacha test rejimida, ehtimol Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi bir nechta ko‘chada ishga tushiriladi. Iyul oyidan boshlab esa pulli parkingni shahar bo‘ylab keng ko‘lamda joriy etish ko‘zda tutilgan.

“Toshkent Invest” rasmiysining aytishicha, Toshkent shahrida pulli avtoturargohlar tashkil etish va ular uchun yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha tenderlarda g‘olib deb topilgan Streetpark Systems kompaniyasi ayni paytda mobil ilova ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Bu ilova orqali haydovchilar poytaxtdagi avtoturargohlar uchun to‘lov qilishlari mumkin bo‘ladi.

Rasmiylar pulli avtoturargohlarni tashkil etish natijasida tirbandliklar kamayishi va harakat tezligi oshishini kutmoqda. Masalan, Said Baraka ko‘chasida 250 ta o‘ringa ega parking ochilishi tirbandlikni 18 foizga kamaytirishi, o‘rtacha harakatlanish tezligini esa 14 foizga (soatiga 37 dan 42 km/soatgacha) oshirishi prognoz qilinyapti.