Sirdaryoda “GAI” xodimining suratini uni obro‘sizlantirish maqsadida tarqatgan qiz jarimaga tortildi
Huquq-tartibot organlari xodimlarining tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llana boshlandi. Shunday ishlardan biri jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudida ko‘rib chiqildi: “GAI” xodimining xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan suratini tarqatib, uni “yolg‘onchi va shantaj”likda ayblagan qizga ma’muriy jazo qo‘llandi.
Sirdaryoda viloyat IIB YHXB xodimining xizmat vaqtida olingan suratini uni obro‘sizlantirish maqsadida Instagram’da tarqatgan qiz ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 20 yoshli Z.Yu. 2025 yilning 23-24 fevral kunlari o‘zining Instagram’dagi sahifasida Sirdaryo viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta mutaxassisi O.R.ning xizmat paytidagi suratini tarqatgan. U O.R.ni “yolg‘onchi va shantaj”likda ayblagan. Qizga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining obro‘sizlantirilishiga olib keladigan axborotni buzib tarqatganlik holati yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Sud majlisida Z.Yu. o‘z huquqbuzarlik harakatiga iqrorlik bildirgan va buni jahl ustida qilganini aytgan.
“O.R. hujjatlarsiz mashina boshqarganim uchun hujjatlar to‘plab, sudga oshirdi. Sud jarayonini videotasvirga oldirib, meni 7 sutka ma’muriy qamoq jazosiga tortirdi. Sudda qo‘limga kishan taqilgani holatini tasvirlarga oldirib, televideniye va o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali keng ommaga namoyish etdi. Men hali turmushga chiqmaganman. Sudda olingan videoreportaj kelgusidagi turmushimga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqqanimdan keyin o‘zimning ijtimoiy tarmoqdagi sahifamda jahl ustida ushbu videotasvirni joylashtirdim, keyin o‘chirib tashladim”, degan u ko‘rsatmasida.
Z.Yu. qilgan ishidan pushaymonligi va boshqa bu holat takrorlanmasligini ma’lum qilgan.
Jabrlanuvchi O.R. esa huquqbuzar Z.Yu.ga nisbatan da’vosi borligini, unga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Sud qarori bilan Z.Yu. MJtKning 195-2-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni (Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto- va (yoki) videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatish) sodir qilgan deb topilgan. Unga BHMning 20 baravari, ya’ni 7,5 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning mart oyida Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining roziligisiz faoliyati aks etgan fotosuratlar va videolarni internetda joylashtirishni taqiqlashni taklif qilgan va bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
2023 yilning noyabrida huquq-tartibot idoralari xodimlarini «obro‘sizlantirish va haqorat qilish maqsadida» ularning faoliyatiga oid foto va videolarni internetda e’lon qilganlik uchun javobgarlik belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan va qabul qilingandi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘sha vaqtdagi deputatlari Doniyor G‘aniyev va Bobur Bekmurodov hamda Bekmurodov yetakchiligidagi «Yuksalish» umummilliy harakati bu normani ochiqlik siyosatiga zid deb baholagan edi.
Muhokamalardan so‘ng fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, videotasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Faqat xodimlarning tasvirini ularni obro‘sizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, ya’ni xodimning harakatlari, so‘zlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik belgilandi.
Huquq-tartibot organlari xodimlarining foto va videolarini buzib tarqatishni taqiqlovchi qonun 2025 yil 21 fevraldan kuchga kirdi. Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini obro‘sizlantiruvchi foto va videomateriallarni tarqatganlik uchun jazoni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Unga ko‘ra, xizmat vazifasini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining foto va videotasvirlarini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.
Tavsiya etamiz
Yana uchta muhim o‘yin. O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?
Sport | 17:29 / 22.03.2025
“Haydovchilarning manfaati eng oxirgi o‘rinda bo‘lishi kerak” – tezlik “chegirmasi”ning oshirilishi e’tirozga sabab bo‘lmoqda
O‘zbekiston | 10:45 / 22.03.2025
Putin Rossiya Odessaga da’vo qilmasligi shartini aytgan – «Kommersant»
Jahon | 22:26 / 19.03.2025
Qozog‘istonda amaldorlar qamoqxonalarga ekskursiyaga olib borilmoqda
Jahon | 18:16 / 19.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ronaldu Hoylundga javob qaytardi, Italiyaga dahshatli kambek ham yordam berolmadi. Yevropada dramatik o‘yinlar
Sport | 12:25
-
Gaz, svet va suv hisoblagichlarini davriy qiyoslashdan o‘tkazish uchun murojaat qilish tartibi bekor qilindi
O‘zbekiston | 12:24
-
Yaponiyada stomatologik klinikalar bemorlarni tinchlantirish uchun terapevt itlarni yollamoqda
Jahon | 12:15
-
O‘zbekiston va Kanada Afg‘oniston yo‘nalishidagi hamkorlikni muhokama qildi
O‘zbekiston | 12:13
Mavzuga oid

20:39 / 17.03.2025
Rossiya sudi Google kompaniyasi jarimasini 91 kvintilion rublgacha chekladi

12:06 / 14.03.2025
Toshkentda bir kunda belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlarga 11 mln so‘m jarima qo‘llandi

13:39 / 26.02.2025
2024 yil jarimalardan 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tushdi. Bu pullar qayerga sarflanyapti?

12:38 / 25.02.2025