Toshkent viloyati IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi O‘rta Chirchiq tumanida avtomobilda kelib chiqqan yong‘in to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 24 mart kuni soat 17:30 larda O‘rta Chirchiq tumani hududidan o‘tgan Toshkent shahri—Nurafshon shahri avtomobil yo‘lining 17-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan. Bunga Nexia-2 rusumli mashina ruxsat etilgan joydan qayrilib olayotgan vaqtda, Nurafshon—Toshkent yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Cobalt u bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida Nexia-2 rusumli mashinada yong‘in kelib chiqqan.

Ta’kidlanishicha, YTH va yong‘in oqibatida harakat ishtirokchilarining sog‘ligiga ziyon yetmagan.

«Holat yuzasidan O‘rta Chirchiq tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Bank-moliya akademiyasi binosi oldida transport vositasi yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.